Sinovli kunlarda davlatimiz hech bir tadbirkorni o‘z muammosi bilan yolg‘iz qoldirmaydi

08.05.2020, 11:50

Sinovli kunlarda davlatimiz hech bir tadbirkorni o‘z muammosi bilan yolg‘iz qoldirmaydi

Pandemiya davrida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab korxonalarda ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hajmi keskin kamaygani hammamizga yaxshi ma’lum. Bunday og‘ir sharoitda korxonalar barqaror ishlab ketishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash, eksport hajmini barqaror oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish hayotiy zaruratdir.

Davlatimiz rahbarining shu yil 5 maydagi “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada tezlashtiradi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Farmonga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlang‘ich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda sotuvchi tomonidan belgilanadi.

Shu bilan birga, mahalliy to‘qimachilik korxonalariga birja savdolarida 2020 yil 1 aprelga qadar milliy valyutada sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytiriladi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, farmonda pandemiya bilan bog‘liq jahon iqtisodiy inqirozining to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishdagi salbiy ta’sirini yumshatishning butun kompleks chora-tadbirlari nazarda tutilgan. Xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bir oy muddatda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalarini global karantin cheklovlari sharoitida bajarish istiqbollari nuqtai nazaridan batafsil o‘rganadi va istiqbolsiz eksport shartnomalari o‘rniga, birinchi navbatda, karantin chora-tadbirlari yumshatilayotgan davlatlardagi hamkorlar bilan yangi shartnomalar tuzishga har tomonlama yordam ko‘rsatadi.

Yana bir muhim yangilik – 2020-2025 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, shuningdek, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 300 million AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyalari mablag‘lari, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati uchun ochilgan tijorat banklari kreditlari, xalqaro moliya institutlari qarz mablag‘lari va xorijiy banklar kredit liniyalari hisobiga, jumladan;

–yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish;

–ikki-uch smenali ish rejimidagi ishlab chiqarish, eng avvalo, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini tikish faoliyati uchun revolver kreditlar taqdim etish;

Shuningdek, mustahkam eksport shartnomalariga ega bo‘lgan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarini eksportoldi moliyalashtirish hajmlarini kengaytirish orqali moliyalashtiriladi.

Bular hali hammasi emas. Farmon bilan import qilinadigan ayrim xomashyo va materiallar 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona boji to‘lashdan ozod qilindi. 2020 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi.

Farmonda belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda 2021 yil 1 yanvardan boshlab olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSh dollari, 2022 yil 1 yanvardan olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava va trikotaj mato uchun 0,05 AQSh dollari, 2023 yil 1 yanvardan – 0,1 AQSh dollari, 2025 yil 1 yanvardan – 0,2 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.

Yana bir e’tiborli jihati, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi markaziy apparatlari tuzilmalarida belgilangan shtat birliklari doirasida to‘qimachilik sanoati masalalari bo‘yicha tuzilmalar tashkil etiladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mazkur farmondan ko‘zlangan maqsad bitta – eng avvalo korxonalar faoliyatini tezroq tiklab, tayyor mahsulot eksportini ko‘paytirish va ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlashdir. Zero, karantindan keyin ham tadbirkorlar barqaror faoliyat yuritib ketishi uchun ularni ertaga emas, hozirdanoq qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    646
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+