Andijon viloyatida 41 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish zarurati bor

08.05.2020, 12:09

Andijon viloyatida 41 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish zarurati bor

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 7 may kuni Andijon, Navoiy hamda Surxondaryo viloyatlari tuman va shaharlarining iqtisodiy salohiyatini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida viloyatimizning iqtisodiy salohiyati ham atroflicha tahlil qilindi. Har bir tuman salohiyati o‘ziga xos bo‘lgan Andijonda ayni vaqtda 41 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish zarurati bor. Buning uchun kichik korxonalarni ko‘paytirish, hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish orqali aholi farovonligini oshirish kerak. Ko‘rinadiki, bu o‘z-o‘zidan tadbirkorlaru fermerlarni qo‘llab-quvvatlovchi O’zLiDeP partiyasiga ham bir qadar vazifalar yuklaydi.

Ma’lumki, viloyatda sanoat ishlab chiqarishning 69 foizini mashinasozlik tashkil qiladi. Pandemiya tufayli e’lon qilingan karantin bu sohada ichki bozor imkoniyatlaridan to‘la foydalanishni taqozo qildi. Lekin mamlakatimizda ehtiyot va butlovchi qismlar bozori 500 million dollarni tashkil qiladi, mahalliy mahsulotlarning undagi ulushi esa atigi 9 foizga teng. Demak, endilikda imkon qadar 300 turdagi import butlovchi qismlarni o‘zlashtirib, xorijnikidek sifatli ishlab chiqarish lozim. Buning uchun, albatta, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Asaka tumanidagi avtomobil zavodi yaqinida, unumdorligi past yerlarda kichik sanoat zonasi tashkil etib, butlovchi qismlar ishlab chiqarish hajmini oshirilishi kerak. Shuningdek, “Samavto” va “MAN” zavodlarida maxsus texnikalar ishlab chiqarishni kengaytirish darkor. Shu yo‘l bilan qanchalab ishsizlikka barham beriladi, qanchalab oilalarga daromad kiradi.

Prezidentimiz tadbirkorlikni jadal rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtalar ekan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida tashabbuskorlarga 32 ta tikuv-trikotaj korxonasi uchun joy ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berdilar. Bu korxonalarda 6,5 mingta ish o‘rni yaratilishi natijasida yurtboshimiz qayd etgan kambag‘allikni birmuncha bartaraf etishga erishiladi.

Ma’lumki, Buloqboshi tumani tog‘li hudud hisoblanadi. U yerdagi konlardan istalgancha qurilish materiallari olish mumkin. Shuni hisobga olgan holda konlarni o‘zlashtirib, shu tumanda qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. 

 Tomorqachilik bo‘yicha Andijon yerlaridagi unumdorlikka havas qilsa arziydi. Aholi kaftdek yerdan yaxshigina daromad topishning hadisini olgan. Masalan, Andijon tumani “Mirobod” mahallasi aholisi qalampir ekib, yiliga 2 ming tonnagacha hosil olmoqa. Bundan tashqari, boshqa hududlardan yiliga 3-4 ming tonna sotib olib, qayta ishlaydi. Izboskan tumani “Yuqori Chuvama” mahallasidagi mingta xonadonda tog‘ yong‘og‘i va yeryong‘oq yetishtiriladi. Oltinko‘lning Cho‘ntak mahallasi gulchilikka ixtisoslashgan. Oldimizdagi vazifa ayni hududlarday tomorqachilikning qaysidir yo‘nalishida namunani yo‘lga qo‘ygan omilkor odamlarga qo‘shimcha yer ajratish orqali mahsulotlarni qayta ishlash va ish o‘rinlarini ko‘paytirish masalasiga tez yechim topish zarur. Buning uchun esa viloyatda bo‘sh turgan yer maydonlari, fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi foydalanilmay turgan ekin maydonlar ro‘yxati shakllantirilib, imkon qadar omilkorlarga yaqin joylardan ajratilishi kerak.

Prezidentimizning Andijon iqtisodiyoti, taraqqiyoti, aholisi farovonligini oshirish bo‘yicha bergan topshiriqlaridan ruhlandik. Hech kim, hech bir hudud davlat e’tiboridan chetda emasligidan mamnuniyat tuydik. Oldimizdagi vazifa esa davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslar ijrosi uchun sidqilidan mehnat qilish, fidoyiik namunasini ko‘rsatishdir.

Tohirjon Ahmadaliyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O'zLiDeP fraksiyasi a'zosi

  • Ko'rildi
    662
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+