Navbatdagi chora-tadbirlar: tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi

19.05.2020, 14:55

Navbatdagi chora-tadbirlar: tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi

Koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, korxonalar faoliyatini tiklab, tayyor mahsulot eksportini ko‘paytirish eng muhim va ustuvor masalaga aylandi. Shu bois mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish va investitsiyaviy faollikni rag‘batlantirish, ishlab chiqarish sur’atlarini tiklash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Bu haqda gapirganda pandemiyaga qarshi kurashish hamda karantin sharoitida aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari qabul qilinib, biznes tuzilmalarga ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar berilganini, 87 mingta tadbirkorlik sub’ektining jami 18 trillion so‘mlik bank kreditlarini qaytarish muddati uzaytirilganini, davlat mulkidan foydalanayotgan 11 mingdan ortiq tadbirkor ijara to‘lovidan ozod bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz.

Shu bilan bir qatorda kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar kelgusi uch oy davomida yer va mol-mulk solig‘idan ozod etilmoqda. Buning natijasida 50 mingdan ortiq tadbirkor 300 milliard so‘mni tejaydi va ularning aylanma mablag‘i ko‘payadi. Eng quvonarlisi, tadbirkorlarga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 500 milliard so‘mgacha (ilgari 10 milliard so‘mgacha) berilgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiya miqdori 5 foizdan 10 foizga oshirilyapti. Bu boradagi ishlar esa izchil davom ettirilmoqda.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab‑quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora‑tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon o‘z vaqtida qabul qilingani bilan katta ahamiyatga ega.

Farmonga ko‘ra, kichik tadbirkorlik sub’ektlari, bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, shuningdek, yo‘lovchi tashish, maishiy xizmatlar ko‘rsatish, binolarni, shu jumladan, banketlar o‘tkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar 2020 yilning 1 iyunidan 1 sentyabriga qadar mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, kichik tadbirkorlik sub’ektlariga Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi va 3 apreldagi tegishli farmonlariga muvofiq, aprel-may oylari uchun taqdim etilgan, mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) summalaridan, 1 yanvardan boshlab 15 maygacha bo‘lgan muddatda yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha hisoblangan penya va jarimalardan voz kechiladi.

Ahamiyatli tomoni, mazkur hujjat bilan tadbirkorlar uchun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni)ni olib kirishda (import) qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni 120 kungacha kechiktirish huquqi beriladi. Shu yilning 1 mayidan 1 iyuligacha bo‘lgan davrda mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytiriladi. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan davlat korxonalari va yuridik shaxslar bundan mustasno.

Yana bir muhim yangilik – mikrofirma va kichik korxonalarning aylanma mablag‘lari kamayishining oldini olish maqsadida 2020 yil 15 may holatiga soliq qarzlari va soliq qonunchiligini buzganlik uchun penya va hisoblangan jarimalar bo‘yicha qarzdorliklarini undirish 1 sentyabrgacha to‘xtatiladi. Davlat soliq xizmati organlari 15 may holatiga mikrofirma va kichik korxonalarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini o‘tkazish va yechib olish bo‘yicha inkasso topshiriqnomalarini qaytarib oladi.

Bular hali hammasi emas. Shuningdek, Farmonga muvofiq, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi Jamg‘arma to‘g‘risidagi nizom talablarini hisobga olgan holda quyidagi foiz xarajatlarini qoplashga kompensatsiya berishni boshlaydi:

– tadbirkorlik sub’ektlariga Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valyutada beriladigan investitsiyaviy kreditlar bo‘yicha, kredit shartnomasi amal qilishining birinchi yili davomida;

– 1 oktyabrga qadar tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun milliy valyutada 500 million so‘mgacha beriladigan kreditlar bo‘yicha kredit shartnomasi amal qilish muddati davomida 10 foizlik punkt miqdorida.

Farmonda Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, shuningdek, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga (zaruriyat bo‘lganda) soliq imtiyozlari berilishi va ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonining oshishi natijasida olinmay qolinadigan daromadlar munosabati bilan vazirlik huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan subsidiyalar ajratishi ham nazarda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmondan ko‘zlangan maqsad bitta – koronavirus pandemiyasi davrida aholi bandligini oshirish, daromadlarini ko‘paytirish va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab‑quvvatlashdir. Zero, ishlab chiqarish sur’atlarini tiklash va tadbirkorlarni barqaror faoliyat yuritib ketishi zarur sharoitlarni yaratish hozirgi paytda har qachongidan ham muhim.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    641
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Meliqulov.ulugbek.Farxodovich 2020-06-06 10:15:42

Навоий кон металлургия комбинатори Бош директори Узбекистон кахрамони САНАКУЛОВ К.С.га АРИЗА. МенМелекулов Улугбек Фарходоаич1997 йилда тугилганман.Отам 2007 йилда вафо этган Онам 2018 йилда вафоьэтган Оилда 3 нафар фарзандмиз сингим Мелекулова Зулфия 1999йилда тугилганМелекулов Шербек 2004 йилда тугилган менсинглим ваукам И 2етокхонада 70 хонада турамиз Отаси-Онаси йук уй сурагандик Бошлангич туловга 15000 000 сум тулаш керак экан Туловга маблагимиз йук Мен уйланишим керак укамни укитишим керак уйлантиршим керак Шу уйолишимизда модий ёрдам килишингизни илтимос киламиз


Ўрол Олтибоев2020-05-20 10:14:00

Кўрилаётган чоралар мамлакат ЯИМ ўсишини таъминлашга хизмат қилиб, аҳоли турмуши яхшиланишини таъминлайди.


Fikringizni qoldiring

+