Ishonch va muvaffaqiyat ortida mas’uliyat bor!

12.01.2018, 15:27

Ishonch va muvaffaqiyat ortida mas’uliyat bor!

Yakuniga yetgan 2017 yil mamlakatimiz tarixida zarhal harflar bilan yozilishi shubhasiz. Boisi, o‘tgan bir yil mobaynida barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlarga qo‘l urildi. Bugun qay bir tarmoqni olmaylik, unda o‘zgarish, yangilanish, taraqqiyot shiddatini ko‘rish mumkin.

Bularni birma-bir, nomma-nom sanashning hojati bo‘lmasa kerak. Shundoq ham kundalik hayotimizda ko‘rib, bilib, kerak bo‘lsa, his etib turibmiz. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2017 yilning 12 iyuldagi parlament palatalari va siyosiy partiyalar vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvi partiyamiz hayotida tub burilish yasadi. Unda faoliyatimiz davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ro‘y-rost aytilib, kelgusida oldimizda turgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Bugungi kunga kelib, partiyamiz kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqqani holda o‘z ishini tubdan takomillashtirib bormoqda. 

Ta’kidlash joizki, ayni shu yig‘ilishda yurtboshimiz tomonidan mahalliy Kengashlar deputatlari mavqeiga alohida urg‘u berilib, Toshkent shahrida ilk marotaba tuman Kengashlarini tashkil etish g‘oyasi ilgari surilgan edi.

Bugungi kunda ana shu tashabbus ortidan Toshkent shahrida ham xalq deputatlari tuman Kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu vaqtgacha poytaxt tumanlarining fuqarolari bunday imkoniyatga ega emas edi. Bu borada adolat tiklanib, Konstitutsiyamizga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda Toshkent shahri aholisi ham o‘zlari saylagan vakillari orqali tumanlarni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Bizga g‘urur bag‘ishlaydigan jihati shundaki, o‘tgan yilning 24 dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga o‘tkazilgan saylovda O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzodlarning 137 nafari tuman kengashi deputati degan maqomga ega bo‘ldi.

Albatta partiyamiz bu borada yetakchilikni qo‘lga kiritgani barchamizni birdek ruhlantiradi. Lekin ayni muvaffaqiyat, saylovlardagi g‘alaba, xalqimiz ishonchi ortida juda katta mas’uliyat turganligini bir soniyaga bo‘lsa-da, unutishga haqqimiz yo‘q. Zero, o‘tgan yilning 22 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz tarixida ilk bor yangi amaliyot sifatida Oliy Majlisga Murojaatnoma shaklidagi dasturiy ma’ruzasida ham islohotlarimiz samarasini oshirishda parlament, deputat, senatorlarning o‘rniga alohida to‘xtalib, xalq vakillari, xususan, mahalliy Kengashlar faoliyatiga tanqidiy baho berdilar. “Hisobotlarga e’tibor bersak, mahalliy Kengashlar faoliyatida go‘yoki ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgandek tuyuladi, lekin ular faqat raqamlarda aks etmoqda, xolos. Bizga raqamlar emas, aniq natija kerak”, – dedi Prezidentimiz. Ta’kidlandiki, qachonki, hududlardagi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarsa, budjet ijrosi to‘liq ta’minlansa, jinoyatchilik kamaysa, yangi ish o‘rinlari yaratilsa, eng muhimi, xalqimizning turmush darajasi yaxshilansa, mahalliy Kengashlar faoliyatiga ijobiy baho bersa bo‘ladi.

Xalq turmush farovonligi qachon yaxshilanadi, qachon yangi ish o‘rinlari yaratiladi? Qachonki, o‘sha hududda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun munosib shart-sharoit yaratilsa, ularning manfaati to‘la himoya qilinsa, qulay muhit vujudga kelsagina odamlarning turmush farovonligi yaxshilanib boraveradi. Buning uchun esa ularning manfaatini munosib ravishda himoya qilish kerak.

Gap tadbirkorlikni rivojlantirish haqida borayotgan ekan, ortda qolgan yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrining iqtisodiy imkoniyatlari va salohiyatini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratildi. Agar tumanlar kesimida olib qaraydigan bo‘lsak, misol uchun Yashnobod va Olmazor tumanlarida kichik biznesning innovatsion texnoparklari tashkil etiladi va qiymati 102 milliard so‘m bo‘lgan 285 ta innovatsion loyiha amalga oshiriladi. Bektemir tumanida qiymati 20 million AQSh dollar bo‘lgan, yiliga 1 500 ta yuk tashish vagonlarini qayta ta’mirlash loyihasini ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Mirobod tumanida “Nano Medik” korxonasida yiliga 450 ming dona 9 turdagi dori vositalarini ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi. Bunday yirik loyihalar poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham amalga oshirilishi belgilangan.

Albatta Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida ushbu dolzarb vazifalarning ahamiyati va ko‘lami yanada ortadi. Bu ishlarni ijrosi ustidan, umuman Toshkent shahrining barcha hududlaridagi katta kichik muammolarni hal etishda O‘zLiDeP  tuman Kengashlariga saylangan deputatlik guruhlariga tayanadi. Ular qanchalik faol, tashabbuskor, jonkuyar va mas’uliyatli bo‘lsa, partiyamiz ko‘zlangan maqsadga erishadi.

Muxtasar aytganda, Toshkent shahrini go‘zal va obod shaharga aylantirish, bu muqaddas poytaxt timsolida yurtimizni, uning bugungi ozod va obod qiyofasini, nurafshon kelajagini yaratishga partiyamiz bor kuch va imkoniyatlarini ishga soladi.

Jasur RAHMONOV,

O‘zLiDeP tashkiliy-partiyaviy

 ishlar bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Saylov 2017
  • Ko'rildi
    2246
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+