Tadbirkorlar sonini ko‘paytirish va odamlarni ishbilarmon qilish — asosiy maqsadimiz

09.06.2020, 10:29

Tadbirkorlar sonini ko‘paytirish va odamlarni ishbilarmon qilish — asosiy maqsadimiz

Global iqtisodiy inqiroz butun dunyoga xavf solib turgan ayni paytda, mamlakatimizda bundan uch yil avval tadbirkorlikka keng erkinlik berish bo‘yicha qo‘yilgan qadamlar to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatdi. Agar yurtimizda tadbirkorlik rivojlanmaganda, hozirgi og‘ir sharoitda aholini ish bilan ta’minlash juda og‘ir kechishi mumkin edi.

Pandemiya tufayli yurtimizda kambag‘al aholi va ishsizlar soni oshdi, oilalar daromadi kamaydi. Shuning uchun bu borada mamlakatimizda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, korxonalar faoliyatini tiklash hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha muhim va tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lganidek, Farg‘ona viloyatida ham joriy yilda barcha sohalarda ko‘zlangan maqsadlarga erishish yo‘lida izchil sa’y-harakatlar olib borilyapti. Yil yakuniga qadar viloyatdagi 43 mingdan ziyod oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan bo‘lib, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish orqali qariyb 14 ming oilaning oyoqqa turishiga ko‘maklashiladi.

Joriy yil 6 iyun kuni Farg‘ona shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezidentimiz bu haqda alohida to‘xtalib, bunday loyihalarni moliyalashtirish uchun kredit resurslari hajmini 25 foizga oshirish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 400 milliard so‘m kredit ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Endilikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish va erkin iqtisodiy zonalar orqali 6 mingdan, qishloq xo‘jaligi sohasida 17 mingdan ortiq oilani kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘riladi. Masalan, g‘alladan qisqargan 4 ming gektar, foydalanishdan chiqqan 3,5 ming gektar yerda bog‘ va tokzorlar tashkil etiladi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatida “Tadbirkor — islohotchi” tashabbusini amalga oshirish kerakligini ta’kidlar ekan, ushbu tashabbus asosida soha vakillariga imkoniyatlar berilib, mas’uliyati oshirilishini alohida e’tirof etdi. Chunki qancha imtiyoz berilmasin, sharoit yaratilmasin, pul aylanmasi, kredit olish, eksport qilish, muhandislik tarmoqlariga ulanish kabi yo‘nalishlarda baribir muammolar uchrayotgan edi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bu tashabbusni to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi va xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash hisobiga aholi bandligini ta’minlash hamda fuqarolar oilaviy budjeti daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratadi.

Bizning muhim vazifamiz — kichik biznes va tadbirkorlik sohasini  qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashda bu soha hissasini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratib berishdan iborat.

Nega deganda, bir tomondan yangi ish o‘rinlarini yaratish, borasidagi sa’y-harakatlar bilan ushbu qatlam nafaqat o‘z oilasi, balki jamiyat farovonligini ta’minlashda asosiy rolni o‘ynasa, ikkinchi tomondan, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish orqali dunyo bozoriga chiqish, innovatsion ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali O‘zbekiston iqtisodiyotini innovatsion yo‘lga, raqamli iqtisodiyot yo‘liga o‘tishida ham aynan shu qatlam lokomotiv rolini o‘ynaydi.

O'zLiDeP tadbirkorlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga yetkazish va mavjud muammolarni o‘rganish, tadbirkorlik rivojiga xalaqit berayotgan to‘siqlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, yurtimizda faol tadbirkorlar safini kengaytirishga astoydil harakat qiladi. Zero, shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda faqat yangi fikr, yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi.

O‘z navbatida, faol tadbirkorlik madaniyatini shakllantirish, ayniqsa, har bir oilaning biznes bilan shug‘ullanishi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga bor kuch va salohiyatimizni safarbar etamiz. Asosiy maqsadimiz ham tadbirkorlar sonini ko‘paytirish va odamlarni ishbilarmon qilishdir.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    662
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Элдор2020-06-09 23:55:39

Ассалому алейкум. Нимага сонга ёпишиб олдизла ? Сифат Нима булади? Сифатсиз иш уринлари (вактинчалик) бу иш эмас... Бир сохани ургангунча вакт керак, ишдан бушатиз вактини чеклаб куйинг 20-30 кундабушатиб юборишмасин


Мархабо Чулиев2020-06-09 12:30:09

Дарҳақиқат бугунги карантин даврида кўп сонли аҳолининг оғирини енгил қилаётган, нафақат ўзи, балки юртдошлари, маҳалладошларига ҳам яқиндан ёрдам бериб келаётганлар ҳам айнан бизнинг саховатпеша тадбиркорларимиздир. Жойларда оилавий тадбиркорликни кўпайтирсак, ўзини-ўзи банд қилган аҳоли сонини оширсак, албатта нафақат аҳоли иқтисодиётини балки, мамлакат иқтисодиётини ҳам сезиларли даражада оширишга муваффақ бўламиз. Бунинг учун барчамиз бор куч, ғайратимизни ишга солиб чинаккам маънода юртбошимизга суянч бўлишимиз керак.


Fikringizni qoldiring

+