Biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida onlayn muloqotlar o‘tkazilmoqda

28.07.2020, 14:43

Biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida onlayn muloqotlar o‘tkazilmoqda

“Madinabonu – Robiyabonu hamkor” o‘quv markazi rahbari Ikrom Bahodirovning tadbirkorlar, fermerlar va o‘z faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar bilan ZOOM orqali uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Biznes tuzilmalari va fermerlar  hamda yoshlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan tashkil etilgan onlayn muloqot ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

“Madinabonu – Robiyabonu hamkor” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Ikrom Bahodirov o‘quv muassasasi faoliyati bilan ishtirokchilarni to‘liq tanishtirib o‘tdi.

2016 yil Guliston shahrida tashkil topgan mazkur muassasa 8 ta yo‘nalishda – tarix, ona tili, ingliz tili, kimyo, biologiya, fizika, matematika, rus tili yo‘nalishlarida bilim olish istagida bo‘lgan o‘quvchilarni o‘z dargohiga jalb qildi. Dastlabki yillari 4 nafar oliy ma’lumotli mutaxassis hamda 40 nafarga yaqin o‘quvchi bilan faoliyatini boshlagan mazkur muassasaning o‘tgan yillar mobaynida nufuzi ortib bordi. Chunki bu muassasada fanlarni to‘liq o‘zlashtirgan o‘quvchilar, abituriyentlarning 80 foizining oliy ta’lim muassasasiga kirishga musharraf bo‘layotgani yoshlar, ota-onalar e’tiboridan chetda qolmadi.

Ayni paytda mazkur muassasaning Guliston va Yangiyer shaharlarda filiallari ochilgan. Bugungi kunda 40 nafardan ziyod oliy ma’lumotli mutaxassis o‘qituvchilar 800 nafardan ziyod yigit-qizlarga 8 ta yo‘nalish bo‘yicha bilim berib borishmoqda. E’tiborlisi, pedagog muallimlar orasida 2 nafar tayanch doktorantlar faoliyat olib borishmoqda. Biolog Zafarjon Mahmudjonov jamoadagi eng yosh (30 yosh)  doktorantlardan. O’quvchilarning o‘n foizi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga bepul o‘qitish borasida ko‘mak berib kelinyapti.

- Yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish, ularning bandligini ta’minlash partiyamiz oldidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi, - deydi O`zLiDeP viloyat Kengashi Biznes tuzilmalari va fermerlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Elyor Jo‘rayev. - Ayni vaqtda o‘tkazilayotgan onlayn uchrashuvlar yosh tadbirkorlar safini kengaytirish, ularning iqtisodiy bilim va ko‘nikmasini yuksaltirish, tashabbus va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Shuningdek, yana bir maqsad viloyatimizning tuman va shaharlaridagi ish bilan band bo‘lmagan, vaqtincha ishsiz, tadbirkorlikka moyilligi bor yoshlarni tadbirkorlik asoslariga o‘qitishdan, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lganlarni, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Muloqotda ishtirok etganlar tadbirkorlik sohasiga oid o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

      Husanxon Jabborov,

     O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

     Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    721
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+