Tashabbuskorlik, fidoyilik — faoliyatimiz bosh mezoni

04.08.2020, 12:29

Tashabbuskorlik, fidoyilik — faoliyatimiz bosh mezoni

Har bir deputat faoliyatida tashabbuskorlik, fidoyilik, o‘z ishiga daxldorlik hissi bilan yondashish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, xalqimiz ishonchini oqlash, ularning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan qonunlarni qabul qilish zimmamizdagi vazifa bo‘lib, uni bajarishda mas’uliyat talab etiladi.    

Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari 2020 yilning yarim yillik ish faoliyati davomida ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratishdi.   

Qo‘mitaning asosiy vazifasi qonun ijodkorligi bo‘lib, hisobot davrida 9 ta qonun loyihasi tayyorlandi. Ularning aksariyati  quyi palatada qabul qilinib, Oliy Majlis Senatiga yuborildi. Ayni paytda “Madaniyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasining yalpi yig‘ilishida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlanmoqda. Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “O’zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini yalpi majlisda birinchi o‘qishga kiritish rejalashtirilgan.

Qo‘mita quyi palatada O’zbekistonda ta’lim-tarbiya sohasidagi Hukumat qarorlarining bajarilishini ta’minlash, davlat dasturlari ijrosining borishini nazorat qilishda soha mutasaddilarining hisobotini eshitishni tashkil etish uchun mas’ul hisoblanadi. “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, qo‘mita tomonidan 9 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi. Shulardan biri bevosita ta’lim sohasiga bag‘ishlandi. Xususan, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosarining “Xalq ta’limi vazirligi tizimida 2018-2019 yillarda budjetdan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi hamda 2020 yilgi xarajatlarni maqbullashtirish imkoniyatlarini aniqlash bo‘yicha” axboroti videokonferensiya aloqa shaklida tinglandi.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli qo‘mitamiz ish jarayonini karantin qoidalaridan kelib chiqib, tashkil etdi. Ko‘plab tadbirlar videokonferensiya shaklida o‘tkazildi. “Turizm to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining bugungi kundagi amaliyotdagi holati: dolzarb muammolar va ularning yechimlari” mavzuida onlayn formatda tashkil etilgan davra suhbati ana shulardan biridir.

Qo‘mita a’zolaridan 8 nafari Qonunchilik palatasida tuzilgan ishchi guruhida aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Buxoro viloyatlarida amalga oshirilgan ishlarning holatini o‘rganish bo‘yicha xizmat safarlarini amalga oshirdi.

Aholining huquqiy savodxonligi borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, Hukumat qarorlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali 624 marta chiqishlar qilindi.

Murojaatlar bilan ishlash, ularni qiynayotgan muammolarining ijobiy yechimiga erishish — diqqat e’tiborimizdagi masalalardan sanaladi. Chunonchi, o‘tgan davrda qo‘mitaga 300 dan ziyod murojat kelib tushdi. Chunonchi, Toshkent shahridan — 89 ta, Andijon — 5 ta, Buxoro — 10 ta, Qashqadaryo — 53 ta, Namangan — 39 ta, Farg‘ona — 30 ta, Jizzax — 20 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 10 ta, Navoiy — 19 ta, Samarqand — 9 ta, Sirdaryo — 5 ta, Surxondaryo — 7 ta, Toshkent viloyati — 9 ta, Xorazm viloyatidan — 1 tani tashkil etdi.  Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning sohalar kesimidagi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, 78 tasi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga oid, 72 tasi qonunchilik va sud-huquq, 112 tasi ijtimoiy, 11 tasi moliya, 33 tasi boshqa sohalarga taalluqlidir.

Shuningdek, aholidan kelib tushgan takliflar tahlil qilinganida, fuqarolarning huquqiy madaniyati yuksalayotgani, qonun hujjatlarining qabul qilinishi jarayonlariga daxldorlik hissi ortayotgani, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan fuqarolik pozitsiyasi shakllanib borayotganligi yaqqol sezilmoqda. Misol uchun, takliflardan 31 tasi qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192, 1975 -moddalariga, Oila kodeksining 3, 96-moddalariga, Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan bildirilgan taklif va fikr-mulohazalardir.

Bundan tashqari, o‘tgan davrda qo‘mita a’zolari tomonidan saylov okruglarida 261 nafar jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining qabuli tashkil qilindi. Ularda 200 dan ortiq turli sohalar bo‘yicha masalalar ko‘tarildi. Ko‘tarilgan masala va muammolardan 114 tasiga yechim topildi, 89 tasi vakolat doirasida ko‘rib chiqilishi uchun tegishli davlat organlariga yuborildi hamda ma’lumot asosida tushuntirish berildi.

Umuman aytganda, qo‘mitamiz tomonidan o‘tgan olti oy davomida muayyan ishlar qilindi, ammo qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarimiz yanada ko‘p. Ana shunday daxldorlik bilan galdagi ishlarni bajarishga kirishganmiz. Saylovchilar ishonchini oqlash, inson manfaatlarini kafolatlash, yurt taraqqiyotini yuksaltirishga xizmat qiladigan qonunlarni qabul qilish asosiy maqsadimizdir.

Erkin ZOHIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Fan, ta’lim, madaniyat va sport

masalalari qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    1027
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+