Maqsad tadbirkorlikni pandemiyaning kutilmagan ta’siridan asrash

06.08.2020, 12:38

Maqsad tadbirkorlikni pandemiyaning kutilmagan ta’siridan asrash

Bugungi kunda pandemiya qariyb har bir sohada o‘ziga xos qiyinchiliklarni keltirib chiqaryapti. Ushbu ofat insonlardan bemalol harakatlanish, ishlash, hordiq chiqarish kabi erkinliklarni tartibga solish, cheklashni talab qilmoqda.

Mamlakatimizda karantin tartib-qoidalari yana muayyan muddatga uzaytirildi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda har xil fikrlar bildirilyapti. Yurtdoshlarimizni tushunish mumkin, chunki qat’iy karantin turli noqulayliklarni vujudga keltiradi. Buni inkor etib bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbari pandemiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishlarida bu masalaga ham alohida e’tibor qaratganiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Lekin hali davosi topilmagan kasallikka qarshi kurashishning bundan boshqa samarali chorasi yo‘q. Undan saqlanishning birdan-bir yo‘li karantin talablariga va tibbiy ko‘rsatmalarga amal qilish, o‘zini o‘zi yakkalash ekanligini bir soniya bo‘lsa-da unutishga haqqimiz yo‘q. Qolaversa, dunyoda har kuni bu kasallikka chalingan 200 mingdan ziyod bemor aniqlanayotgani vaziyat naqadar jiddiy ekanidan dalolatdir.

Mazkur infeksiyaning tarqalish tezligi ham odamni yanada ehtiyotkor bo‘lishga undaydi. Agar pandemiya boshlanganidan 13,5 hafta o‘tib yer yuzida 1 million bemor qayd etilgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 5 kun ichida qayd etil yapti. Shu bois, mamlakat iqtisodiyotiga qanchalik katta yuk bo‘lmasin, eng avvalo, xalqimiz salomatligini asrash uchun karantinni uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va tegishli tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Avval ham ko‘p ta’kidlanganidek, garchi vaziyat murakkab bo‘lsa-da, aholining barcha qatlamlari, xususan, kichik hamda o‘rta korxonalar, umuman, butun iqtisodiyotimizning bir maromda ishlashini ta’minlash maqsadida yordam paketi qabul qilindi.

Masalan, 500 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trillion so‘m miqdorida imtiyoz va preferensiyalar berildi. Koronavirus pandemiyasi vaqtida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning umumiy qiymati 6,1 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi. Bu mablag‘lar O’zbekiston yalpi ichki mahsulotining deyarli 11 foizini tashkil etishini hisobga olsak, davlat ushbu sinovli davrda aholining kam ta’minlangan qatlamlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanchalik katta yukni o‘z zimmasiga olgani ayon bo‘ladi.

Pandemiya davrida tadbirkorlarga juda katta imtiyozlar taqdim etildi. Xususan, Moliya vazirligi huzurida 10 trillion so‘m mablag‘ga ega Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi. Yil oxirigacha soliq auditiga moratoriy o‘rnatildi. 2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi BHMning 100 foizidan 50 foiziga qadar (223 ming so‘mdan 111,5 ming so‘mgacha) kamaytiriladi. Qishloq xo‘jaligida yerlarni sug‘orishda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foiz pasaytirildi.

Muxtasar aytganda, iqtisodiyotimiz tayanchiga aylangan xususiy biznes aniq amaliy chora-tadbirlar vositasida qo‘llab-quvvatlanyapti, tadbirkorlar pandemiyaning salbiy ta’siridan izchil himoya qilinyapti.

Boshqacha aytganda, pandemiya sharoitida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, jamoatchilik nazorati tartibida joylarda koronavirus infeksiyasi profilaktikasi yuzasidan aholi orasida olib borilayotgan ishlar ahvolini o‘rganish, hududdagi bozorlar, supermarketlar, do‘konlar va dorixonalarda mahsulot va dori-darmonlarning sun’iy taqchilligi, narxlarning oshirilishi kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik ustidan nazorat olib borilmoqda. Masalan, joriy yilning iyun-iyul oylarida hududlarda aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish borasida sektorlar tomonidan bajarilayotgan ishlarning holatini o‘rganish bo‘yicha targ‘ibot guruhlari tashkil etildi. Ushbu guruhlar tomonidan pandemiya davrida qabul qilingan normativ hujjatlarga muvofiq, aholi va tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar va yengilliklar, karantin paytida boshqa sohalardagi ishlar holati o‘rganib chiqildi.

Ishchi guruhlar o‘z faoliyati davomida 3 399 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurib, aholi bilan 9 225 ta uchrashuv o‘tkazdi. Targ‘ibot tadbirlarida 58 151 nafar fuqaro ishtirok etdi. Shuningdek, ishchi guruhlar 3 415 ta tadbirkorlik sub’ektiga tashrif buyurib, ularning muammolarini o‘rgandi. Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, amalga joriy etish choralari ko‘rildi. Jumladan, ishbilarmonlarimizni qiynayotgan asosiy muammolardan biri bank krediti foizlarini pandemiya sharoitida qaytarish, shuningdek, xususiy korxonalarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilma bilan ta’minlanishi ekani aniqlanib, yechimini topish bo‘yicha tizimli ishlar bajarilyapti.

Kelgusidagi vazifalar haqida gapirganda, qilingan ishlardan qilinmagani ko‘proqligini ta’kidlash o‘rinlidir. Zimmamizdagi mas’uliyat yukini bir daqiqa bo‘lsa-da unutishga haqqimiz yo‘q. Zero, beparvolik pandemiyaga qarshi barcha sa’y-harakatlar natijasini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

O’tgan vaqt ichida pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatishga qaratilgan 16 ta hujjat qabul qilindi. Lekin joylarda ushbu qarorlar ijrosini tashkil etish oqsamoqda, yaratilayotgan sharoit va imtiyozlarni fuqarolar va tadbirkorlarga manzilli yetkaza olmayapmiz. Shu bois, pandemiyaga oid qarorlar va topshiriqlar ijrosi yuzasidan ta’sirchan nazoratni yanada kuchaytirishimiz lozim.

Bir so‘z bilan aytganda, har birimiz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimizning sog‘lig‘i va taqdiri uchun, avvalo, o‘zimiz mas’ul ekanimizni chuqur anglashimiz lozim. Pandemiya davrida har bir odamning shaxsiy mas’uliyatiga doir targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishimiz kerak.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    578
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+