Ijtimoiy nafaqalarni tayinlashning yangi tizimi ishga tushiriladi

10.08.2020, 12:41

Ijtimoiy nafaqalarni tayinlashning yangi tizimi ishga tushiriladi

Joriy yilning 4 avgust kuni Prezidentimiz yana bir muhim hujjatga imzo chekdi. «Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror o‘z vaqtida qabul qilingani bilan katta ahamiyatga egadir.

Negaki, unga muvofiq 2020 yilning 1 sentyabridan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari bosqichma-bosqich «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi.

Sentabr oyidan esa «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida, oktabr oyidan Buxoro, Navoiy, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, noyabr oyidan — Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida hamda dekabr oyidan Qoraqalpog‘iston, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joriy etiladi.

Qarorda belgilab qo‘yilganidek, 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etishda fuqarolardan 11 ta hujjat va ma’lumotnoma talab etilishi yo‘l qo‘yilmaydi. Eng muhimi, ular ijtimoiy yordamning 7 turidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur qaror bilan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali belgilangan tartibda kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan shaxslar yoki oilalar qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotnomalarni taqdim etmasdan Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar to‘lovidan ozod etish, maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan miqdorlarda ota-onalar to‘lovini to‘lash, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida darsliklar ijara to‘lovlaridan ozod etish, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish, ayrim fanlarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta maktablar o‘quvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish kabi xizmatlar va imtiyozlarni ham olishga haqlidir.

Adliya vazirligi esa 2021 yilning 1 yanvariga qadar «FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi o‘rinlarda – FHDYo organlari) arxivlarida qog‘oz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazalarini shakllantirilishini ta’minlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini yanada oshirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib, aholini ijtimoiy himoya qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Mazkur qaror esa aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratishga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    553
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Олимжон Эргашев2020-08-13 09:44:33

Янги тизим ишга туширилиши тўғрисидаги қарор дархақиқат ўз вақтида чиқарилди.Янги реестр бўйича ижтимоий нафақалар оладиганлар автоматик равишда шакллантирилиши кейинги ойлардаги баъзи махалла йиғинларидаги кам таъминланганлар, эхтиёжманд оилалар, фуқаролар сони шакллантирилгандаги тушунмовчиликлар ва баъзи салбий холатларни хам камайиши, олдини олдишга қаратилган деб умид қилсак бўлади.


Fikringizni qoldiring

+