O'zLiDeP deputatlari Oqoltin va Sardobada tadbirkor hamda fermerlar bilan uchrashdi

14.08.2020, 11:48

O'zLiDeP deputatlari Oqoltin va Sardobada tadbirkor hamda fermerlar bilan uchrashdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov boshchiligida Qonunchilik palatasi deputatlari Barno Mirzamova, Begali Qodirov, Odina Otaxonova va mahalliy kengash deputatlari, partiya faollari Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Sardoba tumanlarida bo‘ldi.

Partiya yetakchisi va faollari aholi va fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashib, hududlarda pandemiya sharoitida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, pandemiya sharoitida ularning mehnat faolligini oshirish, mavjud tomorqalardan unumli foydalanish hamda aholi bandligini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Dastlab “Oqoltin tumani “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tashrif buyurildi. Ma’lumki, mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi Sardoba suv ombori toshqinidan jiddiy zarar ko‘rgan hududlardan biri hisoblanadi. Shu bois hududda bo‘lgan partiya rahbarlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari avvalo aholining ijtimoiy himoyasi  va toshqindan zarar ko‘rganlarga  yaratilayotgan shart-sharoitlarga alohida e’tibor qaratishdi. Suv toshqinidan aziyat chekkan xonadon sohiblari Kenjaxon Ummatova, Sanam Pardayeva, Xusan Egamberdiyevlar  bu tashrifdan juda  mamnun bo‘lishdi. Mazkur xonadon egalariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Mazkur mahalla fuqarolar yig‘inida 4201 ta aholi 901 ta xonadonda istiqomat qiladi. Hududda shu yilning iyun oyida foydalanishga topshirilgan 120 ish o‘rniga ega “Sirdaryo varaka chevarlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatda 50 nafar qishloq ayollarining bandligi ta’minlandi. Chevarlar tomonidan tikilayotgan bolalar kiyim-kechaklari Rossiya davlatiga eksport qilinmoqda.

Deputatlar korxona faoliyati, karantin qoidalariga amal qilish tartibi, ishchi-xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.

Sardoba tumanidagi “Fayzli obod” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan  muloqotda Fermer, dehqon va tomorqa yer egalari Oqoltin hamda Sardoba tuman kengashi rahbarlari, fermerlar ishtirok etishdi. Hududdagi issiqxonalar faoliyati bilan tanishish asnosida mutasaddi idoralar rahbarlariga aholini tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini ta’minlash,  qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mulohazalar bildirildi. Tomorqa yer egalariga xizmat ko‘rsatish uchun Sardoba va Oqoltin fermerlar Kengashiga mini kultivator uskunasi sovg‘a qilindi. Pandemiya davrida  fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilib kelayotgan “Shodlik”, Fayzli obod” mahalla fuqarolar yig‘ini raislari Ulug‘bek Akobirov, Anvar Asrorov va bir qator fermer xo‘jaliklari rahbarlariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai - tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarga ham e’tibor qaratildi. Pandemiyaning asl mohiyatini anglagan holda aholini davlat idoralari ko‘rsatmalariga to‘la amal qilishlarida deputatlarning bir zum bo‘lsa ham masuliyatlarini unutmasliklariga ham urg‘u berildi.

Dilorom Esonova,

O’zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

matbuot  kotibi

  • Ko'rildi
    766
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+