Karantin talablari yumshatilgan bo‘lsa-da, sanitariya-gigiyena talablariga so‘zsiz amal qilishimiz kerak

17.08.2020, 17:23

Karantin talablari yumshatilgan bo‘lsa-da, sanitariya-gigiyena talablariga so‘zsiz amal qilishimiz kerak

Koronavirus pandemiyasi davrida xalqimizning sog‘lig‘ini saqlash, global ofatdan asrash uchun davlatimiz tomonidan barcha kuch va vositalar safarbar etildi. Xorijdan eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. Hududlarda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus shifoxonalar, tibbiyot majmualari qurilib, foydalanishga topshirildi.

Prezidentimiz rahbarligida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasida o‘z vaqtida ko‘rilgan shunday qat’iy choralar, belgilab olingan muhim vazifalar hamda hukumatimiz tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbirlar tufayli pandemiyaning salbiy oqibatlari oldi olinib, jilovlanishiga erishildi.

Ta’kidlash joizki, pandemiya sharoitida parlament ham o‘z ishini izchil davom ettirdi. Deputatlar korpusi o‘tgan davrda bir qator muhim qonunlarni qabul qildi. Xalqimizga ko‘makchi, tayanch bo‘lib, hududlarda saylov okruglarida ish olib borildi.

Joriy yil 12 avgust kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i himoyasini yanada kuchaytirgan holda, pandemiya sharoitida yashash va ishlashda davom etish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralari belgilab berildi. Ushbu jarayonda xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlarining faol ishtirok etishi tavsiya qilindi.

Bugun bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi ham aslida shu masala bilan chambarchas bog‘liqdir. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bugun biz sinovli davrni boshdan kechirmoqdamiz. Koronavirus pandemiyasi iqtisodiyot tarmoqlaridan tortib oddiy odamlarning turmush sharoitigacha o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi.

Biroq karantinni uzoq vaqt ushlab turish maqbul ish emas. Prezidentimiz tavsiyasi bilan karantin talablari bosqichma-bosqich yumshatilayotganining tub mohiyatini ham shu bilan izohlash mumkin. Lekin karantin talablari yumshatilayotgan bo‘lsa-da, barchamiz ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish, dezinfeksiya va boshqa sanitariya-gigiyena talablariga so‘zsiz amal qilishimiz kerak.

Buning uchun bizdan ko‘p narsa talab qilinayotgani yo‘q. O‘tgan davr mobaynida orttirgan tajribamizga tayanib, tibbiy niqobda bo‘lish, muloqotda shaxsiy masofa saqlash, gigiyena-sanitariya talablariga so‘zsiz rioya qilish so‘raladi, xolos. Demak, biz – barcha pog‘onadagi deputatlar va ijro hokimiyati vakillari, mutasaddilar bularni yaxshi anglab olishimiz, o‘z navbatida, buni aholiga ham yetkazishimiz, karantin qoidalariga to‘la amal qilgan holda, aholi o‘rtasida keng tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimiz kerak.  

Bu borada biz — parlament a’zolari, siyosiy partiyalar vakillari, mahalliy Kengash deputatlari quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi;

Birinchidan, saylovchilar bilan doimiy ravishda uchrashuvlar o‘tkazib, OAVlari orqali chiqishlar qilib, mutasaddilarga ko‘maklashishimiz maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchidan, aholiga o‘z vaqtida va yuqori sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilab olishimiz darkor.

Uchinchidan, jamoat joylarida, odamlar ko‘p yig‘iladigan maskanlarda, ayniqsa, oilaviy tadbirlar, to‘y-ma’rakalar o‘tkazishda fuqarolarning sanitariya talablariga qat’iy rioya etishi ustidan jamoatchilik va deputat nazoratini kuchaytirishimiz zarur.

Umuman olganda, pandemiya sharoitida vaziyatning o‘zgaruvchanligini inobatga olgan holda, teletibbiyotni rivojlantirish, shu orqali aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning uy sharoitida davolanishi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqib, targ‘ib qilishimiz kerak. Zero, karantin talablari yumshatilayotgan bo‘lsa-da, sanitariya-gigiyena talablariga so‘zsiz amal qilishimiz har qachongidan ham muhimdir.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikerining o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    584
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+