Irmoqlar ummonlarga aylanajak...

18.08.2020, 15:02

Irmoqlar ummonlarga aylanajak...

Ko‘zingiz oldida niholning kundan-kun, yildan-yil kamol topib, durkun daraxtga aylanib borayotganini kuzatish qanchalar zavq beradi! Yoki, aytaylik, kichik bir jilg‘aning teran daryolarga, dengizlarga intilayotgani, sinovlarda toblanib, o‘zanlarga qo‘shilayotganini ko‘rishning o‘zi shavq beradi insonga.

Bugun yoshlar ham shunday. Izlanishlari, intilishlari, o‘qib-o‘rganishlari samarasi o‘laroq, butun jahonga yuzlanmoqda, dunyoga boqmoqda. Rahbarlik lavozimlarida ham aksariyat yoshlarni uchratyapmiz. Ularning el-yurt ravnaqi yo‘lidagi faoliyati yangi tashabbuslar bilan namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, bandlik va ijtimoiy himoya masalalaridagi tadbirlar, zamonaviy kasb-hunarlar bo‘yicha mahorat darslaridan so‘ng yigit-qizlar mustaqil hayotda o‘z yo‘llarini tanlab olishmoqda.

Xo‘sh, kecha va bugunni qiyoslab ko‘raylik. Yaqin tarxi bizga ko‘p lavhalarni oydinlashtiradi. Mash’um urushning talato‘plaridan so‘ng Vatan taraqqiyoti uchun aksar umrini dalada, mashaqqatli mehnatlarda o‘tkazgan o‘zbek o‘g‘il-qizlarini ko‘z oldingizga keltiring. Buning ustiga qaramlik, mustamlakachilik taqdiri bilan erkidan mahrum bo‘lgan yoshlar edi ular... Hatto o‘z erkin fikrini ayta olmaslik qiynchilik edi aslida...

Bugunchi, qarang, qanday farovon hayotimiz bor. Yoshlarning imkoniyatlari toshni yoradi. Tashabbuslari jahonga bo‘ylashlariga, dunyo minbarlarida bong urishlariga yetadi.

To‘g‘ri, bu yil koronavirus pandemiyasi tufayli rejalashtirilgan ishlar va tadbirlar muayyan darajada o‘zgardi. Fuqarolar sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida qat’iys ehtiyot choralari, karantin tartibi joriy etildi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosi shunday vaziyatda ham to‘xtab qolmadi. Noan’anaviy onlayn tarzda tashkil etilayotgan kitoblar taqdimoti, sport, madaniyat, san’at sohasi vakillari, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari rahbarlari bilan muloqtlar kutilgan natijalarni bermoqda. Muhimi, yoshlarimizning shijoati baland.

Yerni sevishni, mehnatni qadrlashni bolaligimizdan o‘rgatishadi. Kambag‘al oilalar ro‘yhatiga kiritilgan xonadonlardagi yoshlar o‘zlariga ajratilgan yer maydonlarida polizlar, bog‘lar barpo etishmoqda. Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalar farzandlariga qiziqishlaridan kelib chiqib, tikuv mashinalari, echki va quyonlar, chorva hayvonlari berilishi o‘zini-o‘zi band qilishning bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ayniqsa, pandemiya sharoitida kelajak egalari orasida birdamlik, hamjihatlik yanada ortdi. Tengdoshning tengdoshga ko‘magi, o‘z fikrini adil ifoda etish, ishbilarmonlik har bir harakatlarida namoyon bo‘lmoqda.

Yoshlar ertangi kunning munosib vorislari. Ularning istiqlolga hamohang tashabbuslariga qanot berishdan charchamaylik.

Madinaxon BARATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    512
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+