Men nega qarshi ovoz berdim?!

20.08.2020, 16:28

Men nega qarshi ovoz berdim?!

Yaqinda O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasida Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining kotibiyatlarini tuzish taklif etilmoqda. Mahalliy kengashlarni haligacha hokimlar boshqarayotgan bo‘lsa, bu tuzilma amaliyotda qanchalik samara beradi?

Yig‘ilishda ushbu masalaga oid savol va takliflarimni qonun tashabbuskorlariga bersam, qoniqarli javob ololmadim. Shu sababli bu qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi yig‘ilishi kun tartibiga kiritilishiga qarshi ovoz berdim.

Yoki 17 avgust kuni “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham fraksiyamiz yig‘ilishida atroflicha muhokama qilindi. Mazkur qonun loyihasi bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasi “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyati”, deb o‘zgartirilib, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko‘rsatish tegishli hokimlik apparati tomonidan emas, balki tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati tomonidan ta’minlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyatlari tuzilishi munosabati bilan qonun loyihasida “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida” gi qonunning 16-moddasiga ham tegish­li o‘zgartish kiritilmoqda, ya’ni deputat faoliyatining axborot hamda moddiy-texnika ta’minoti uchun shart-sharoitni endilikda viloyat, tuman, shahar hokimliklari emas, balki yangi tuzilma – xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatlari yaratib berishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasiga asos qilib, Harakatlar strategiyasining “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivoj­lantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 15-bandi olingan, ya’ni Davlat dasturining bu bandi “Xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatini kuchaytirish va nazorat sohasidagi vakolatlarini kengaytirish”, deb nomlanib, uni bajarish uchun normativ-huquqiy hujjat loyihasi qabul qilish belgilangan edi. Bu normativ-huquqiy hujjat loyihasida Kengashlar faoliya­tini kuchaytirish va nazorat sohasidagi vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha 7 ta yo‘nalish belgilab berilgan. Shulardan biri – muhokama etilayotgan qonun loyihasi bo‘yicha kiritilayotgan o‘zgarish, ya’ni “mahalliy Kengashlarning doimiy asosda ishlaydigan kotibiyatlarini tashkil etish” hisoblanadi.

Shu o‘rinda savollar tug‘iladi: qonun loyihasiga asos qilib keltirilayotgan Davlat dasturining 15-bandida Kengashlar faoliyatini kuchaytirish va nazorat sohasidagi vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatilgan yana 6 ta yo‘nalish nega qonun loyihasida o‘z aksini topmayapti? Ya’ni “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasiga o‘zgartishlar kiritil­yapti, ammo mazkur qonunning 24-moddasi – “Xalq deputatlari Kengashining vakolatlari”ga va 251-moddasi – “Hokimning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini xalq deputatlari Kengashi tomonidan eshitish”ga oid o‘zgartish va qo‘shimchalar nima uchun kiritilmayapti? Bu bilan Davlat dasturining 15-bandi ijrosi chala bajarilmaydimi?

Aytmoqchimanki, Davlat das­turining 15-bandida belgilangan vazifalarning 6 tasi ham shu moddalarda o‘zgartish va qo‘shimcha sifatida o‘z aksini topishi mumkin edi-ku!

Qiziq jihati: qonun lo­yihasining tushuntirish xatida “Qonunni qabul qilish zarurati – so‘nggi yillarda mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, hokim, uning o‘rinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldida hisobdorligi qonunlarda belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, amalda kutilgan natijalarni bermayapti. Bunga esa xalq deputatlari Kengashlarining tashkiliy faoliyatiga ko‘maklashuvchi bo‘linmaning mavjud emasligi, mazkur vazifa garchi o‘ziga xos bo‘lmasa-da, hokimliklarning apparati (Tashkiliy-nazorat guruhlari) tomonidan amalga oshirilayotgani sabab bo‘lmoqda”, deyilgan.

Deylik, ushbu qonun qabul qilingach, mahalliy kengashlarda alohida kotibiyatlar tuziladi. Lekin bu kotibiyatlarni ham kengash raisi sifatida yana avvalgidek, hokimlar bosh­qaradigan bo‘lsa, bu tuzilma o‘zini amaliyotda qay darajada oqlaydi? (Garchi ular yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lsalar ham). Bu ahvolda yangi tuzilgan kotibiyat yana hokimiyatning boshqacharoq ko‘rinishdagi kotibiyatiga aylanib qolmasmikan?

Agar hokimlar (“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 1-moddasi 2-qismi, ya’ni “Viloyat, tuman, shahar hokimi viloyat, tuman va shaharning oliy mansabdor shaxsi bo‘lib, ayni bir vaqtda tegishli hududdagi vakillik va ijroiya hokimiyatini boshqaradi” degan normaga asosan) bir vaqtda ham ijroiya hokimiyatni, ham kengashlarni boshqaradigan bo‘lsalar, u holda taklif etilayotgan yangi kotibiyatni tuzmasdan, o‘zgartish kiritilayotgan qonunlarning amaldagi moddalarini qoldirib, mavjud tashkiliy bo‘lim(“orgotdel”lar)lar kengash ishi bilan shug‘ullanishlari uchun qo‘shimcha shtatlar belgilash mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi va muhokama etilayotgan qonun loyihasida ko‘zda tutilgan kotibiyat tuzish masalasini kengashlar va hokimliklar rahbarlari alohida-alohida bo‘linganidan so‘ng ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lardi, mening nazarimda.

Yana bir argument. Bu masala Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi 5635-sonli farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 28-bandida “Hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish” belgilanib, bu vazifani amalga oshirish uchun chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqish va unda hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan amaldagi qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilgan edi. Biroq, bu masala o‘tgan yilda negadir ochiq qoldi va hali hamon kun tartibiga olib chiqilmayapti. Demak, mazkur jumboqli masala, qachonki, hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi sifatidagi maqomi bekor qilinganidan keyingina ko‘rib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi deb hisoblayman.

Zafar XUDOYBERDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    527
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Олимжон Эргашев2020-08-20 19:50:30

2019 йилги Давлат дастури 28-бандининг ижроси таъминланмас экан, яъни хокимларнинг махаллий Кенгашлар раиси сифатидаг мақоми бекор қилинмас экан ушбу Қонунни қабул қилиниши ўз самарасини бериши қийин бўлади. Махаллий Кенгашлар Намунавий Регламентига кўра кенгашлар ишини ташкил қилиш ва уларга рахбарлик қилиш хокимлар ваколати бўлиб хисобланишини хисобга олсак бу ўзгартиришлар қай даражада ўз самарасини беради? Қолаверса бугунги кунда худуларнинг ижтимоий-иқтисодий ривожланишига масъул махаллий кенгашлар, депутатлар олдида хисоб бериши керак бўлган 4 та сектор рахбарининг, ижро органи вакилларининг 1 таси кенгаш раиси бўлиб хисобланади. Депутатимиз фикрларини тўлиқ қўллаб-қувватлайман. Олимжон Эргашев.


Fikringizni qoldiring

+