Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish – barqaror rivojlanish garovi

20.08.2020, 16:43

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish – barqaror rivojlanish garovi

Mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligi aholini oziq-ovqat mahsulotlariga, qayta ishlash sanoati tarmoqlarining xomashyoga bo‘lgan talabini qondiradi. Oziq-ovqat mahsulotlarining 90 foizga yaqini agrar tarmoqda tayyorlanadi. Shuningdek, bu soha aholining salmoqli qismining bandligini ta’minlab kelmoqda.

Mustaqillikdan so‘ng qishloq xo‘jaligini isloh qilish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Ishlab chiqarishga fan-texnika yutuqlarini, yangi texnika va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish ishlari yildan-yilga jadallashmoqda.

Aytaylik, 1990 yilda iste’mol uchun zarur bo‘lgan g‘allaning 82 foizi chetdan keltirilgan bo‘lsa, ayni vaqtda yurtimizda ishlab chiqarishni rivojlantirish hisobidan aholining g‘allaga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq ta’minlanishiga erishildi.

Istiqlolning yana bir muhim sharti xususida aytmasak bo‘lmas. So‘nggi uch yilda paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinishi bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Agrar sohaning barcha yo‘nalishlarida arzon kreditlar berilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Joriy yilda 2 milliard AQSh dollariga teng, kelgusi 5-7 yilda esa bundan 3-4 baravar ko‘p meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan. To‘g‘ri, pandemiya sababli joriy yildagi mazkur reja bajarilishida bir qadar o‘zgarishlar bo‘lgani ehtimoli ham yo‘q emas.

Istiqloldan keyin respublikamizning agrar tarmog‘ida olib borilayotgan agroiqtisodiy islohotlarning amaliyotga tatbiq etilishi, xususan, yer resurslaridan samarali foydalanish tamoyillariga alohida e’tibor qaratilishi o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Bu borada mavjud sug‘oriladigan va lalmi yerlardan unumli foydalanish, ularning tuproq unumdorligini saqlash, oshirish hamda maqsadli foydalanishni ta’minlashda ham yutuqlarga erishilmoqda.

Mamlakatimizda hamma soha vakillarining bayrami bor. Lekin agrar soha mehnatkashlarinin aniq belgilangan ayyomi yo‘q edi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunining belgilanishi hayotimizdagi adolatli yana bir qaror bo‘ldi, desam mubolag‘a emas.

So‘nggi uch yilda fermerlik harakatini rivojlantirish natijasida mamlakatimizda ko‘p ming sonli fermer xo‘jaliklari shakllanib, ular bugun 10 dan ortiq yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda. Eng quvonarlisi, 12 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi rahbarlarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etsa, 6 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklarimizga xotin-qizlar rahbarlik qilmoqda. Respublikamizning barcha hududlarida “Tomorqa xizmat” lari tashkil qilindi.

Joriy yilda 96 ming gektar hosildorligi past maydonlarda paxta va g‘alla o‘rniga 32 ming gektar yerda karam, turli sabzavot va ko‘katlar ekildi va bu maydonlardan olingan minglab tonna mahsulotlar eksport qilindi. Shuningdek, 11 ming gektarda intensiv bog‘ va yangi tokzorlar, 1 ming 500 gektarda issiqxonalar barpo etildi. Mamlakatimizda ilk bor shafran kabi noan’anaviy ekin ekish yo‘lga qo‘yildi, soya ekish kengaydi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilindi. 724 ming tonna ho‘l meva chetga sotildi va bu yurtimizga 856 million dollar valyuta keltirdi. Holbuki, ilgari ming-ming tonna turli mevalarimiz dalada qolib, isrof bo‘lardi.

Qonunchilikda ham agrar sohaga alohida e’tibor qaratilganini qayd etish joiz. 2017 yilning o‘zida qishloq xo‘jaligi sohasiga oid 5 ta qonun, 20 dan ortiq farmon va qaror qabul qilindi, 2 ta yangi qo‘mita va 3 ta uyushma tuzildi. Mazkur ko‘rsatkichlar joriy yilga qadar bir qadar o‘sdi. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyati tubdan takomillashtirildi.

Bugun mamlakatimizda agrar sohada olib borilayotgan davlat siyosatidan ko‘zlangan maqsad, avvalo xalqimiz manfaatlarini ifoda etish, aholimizning farovon turmush kechirishini ta’minlashdan iboratdir. Istiqlol o‘zbek zaminiga, o‘zbek dehqoniga cheksiz imkoniyatlarni bergani barobarida oldiga yerdan yanada unumli foydalanish, hosildor, daromadli ekin mahsulotlari yetishtirish, shu orqali iqtisodiyot barqarorligiga hissa qo‘shish kabi dolzarb vazifalarni qo‘ydi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    5914
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Dildora2021-01-24 03:55:31

Qishloq xo'jaligi hodimlari kuni belgilanganligi ajoyib yangilik bo'libdi


Fikringizni qoldiring

+