Investitsiya bo‘lmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi

21.08.2020, 10:01

Investitsiya bo‘lmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi

«Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan. Shu sababli ham investitsiya — bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi», deya ta’kidlagan edi Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarining birida.

Haqiqatan ham, iqtisodiyotda investitsiyalarni keng miqyosda jalb etishga erishish ko‘plab sohalar, tarmoqlar hamda hududlarga yangi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib kelishi va tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga ulkan poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 18 avgustdagi «Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ham mamlakatda investitsiya salohiyatini rivojlantirishga qaratilgani bilan o‘ta ahamiyatlidir.

Unga ko‘ra, eksport salohiyatini yanada kengaytirish, investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari hamda oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ga kiritilgan tadbirlarning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash maqsadida Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining vazifalari va tarkibi yangilandi.

Endilikda Hukumat komissiyasi Prezidentimizning hududlarga tashriflari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan bayonnoma topshiriqlarining eksport, investitsiyalar, hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda boshqa tashqi iqtisodiy aloqalar sohasidagi qismining ijrosini ta’minlaydi.

Farmonda belgilab qo‘yilganidek, Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati – eksport salohiyatini yanada kengaytirish, investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha, Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti – hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari bo‘yicha Komissiyaning ishchi organlari hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, mazkur hujjat bilan, Hukumat komissiyasiga bir qator vakolatlar ham berildi:

Birinchidan, jahon va ichki bozorda narx va talab kon’yunkturasi, ishlab chiqarish va taqsimot balanslaridan kelib chiqib, eksport prognozining yillik umumiy ko‘rsatkichlarini saqlagan holda eksport prognoz ko‘rsatkichlariga o‘zgartirish kiritish;

Ikkinchidan, investitsiya dasturlariga ularning umumiy parametrlari hamda ko‘rsatkichlarini saqlagan holda tuzatish, qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish;

Uchinchidan, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan «yo‘l xaritalari» hamda XMI vaXHMT bilan hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish (Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda).

Komissiya belgilangan vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini o‘rganish uchun doimiy ravishda viloyatlarga tashriflarni amalga oshiradi hamda har chorakda Prezident Administratsiyasiga tegishli axborot kiritib boradi.

Yana bir muhim yangilik – farmonga asosan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Uning zimmasiga Hisob palatasining mamlakatimiz Prezidentining oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlari ijrosini nazorat qilish, strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda mahalliylashtirish jarayonini yanada takomillashtirish, budjet tashkilotlari, budjet mablag‘larini oluvchilar va monitoring yuritiladigan korxonalar tomonidan import qilingan mahsulotlarning asoslanganligini o‘rganish kabi funksiyalari yuklanadi. Hukumat komissiyasi esa inspeksiya faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, investitsiya bo‘lmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi. Demak, endi investitsiyalarni nafaqat iqtisodiyot tarmoqlariga, balki ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish o‘ta muhimdir. Zero, mamlakat iqtisodiyotini taraqqiy ettirishda investitsiyalarning ahamiyati beqiyos.​

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    1080
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+