Davlat-xususiy sheriklik tamoyili tibbiyot sohasini xalqqa yana-da yaqin qiladi

26.08.2020, 12:31

Davlat-xususiy sheriklik tamoyili tibbiyot sohasini xalqqa yana-da yaqin qiladi

Pandemiya tufayli malakali va sifatli tibbiy xizmatning hayotimizdagi oʻrni naqadar muhimligi yaqqol namoyon boʻldi, desak xato boʻlmaydi. Ayni ogʻir jarayonda xususiy tibbiyot muassasalarining oʻrni va roli qanchalik muhim ekanligi ham koʻrindi. Toʻgʻri bugun xususiy klinika haqida gap ketganda avvalo, xayolimizga toʻlov haqidagi oʻy keladi. Shu sabab uni rivojlantirish borasidagi gaplarni ayrim yurtdoshlarimiz unchalik xohlamasligi mumkin. Lekin xususiy shifoxonalarda ham hududdagi kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalarga tibbiy yordam bepul koʻrsatilishi qonun bilan belgilab qoʻyilgan. Hududning oʻzida faoliyat yuritayotgan xususiy klinikalar favqulodda holatlarda yurtdoshlarimiz mushkulini oson qilayotgani ham bor gap.

Yaqin uch yil davomida xususiy tibbiyotni rivojlantirish borasida qilinayotgan koʻplab saʼy-harakatlar natijasida hozirda ushbu klinikalarda tajribali, malakali tibbiyot mutaxassislari eng ilgʻor zamonaviy tibbiyot texnologiyalaridan foydalangan holda aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Tibbiyotni rivojlantirishda bugun investitsiyalarning oʻrni alohida ahamiyatga ega. Mamlakatimizda ham bu borada mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida davlat hamda xususiy sektorlarning birgalikda ishlashi, investorlarning yurtimiz hududida, davlat sektorida faol ish yuritishi uchun huquqiy asos mustahkamlangan.

Xoʻsh amalda investorlar oʻzlariga qulay boʻlgan muhitda, oʻzlari istagan davlat tibbiyot muassasalariga investitsiya kiritish imkoniyatiga ega boʻlyaptimi? Toʻgʻri qaysidir maʼnoda bu borada ish qilinyapti, xususiy klinikalar koʻpayib bormoqda. Lekin, muammo muammoligicha qolmoqda yaʼni yurtdoshlarimiz tibbiy xizmatning yangi bosqichiga chiqqanini, xususiy tibbiyotning afzalliklarini bugun toʻla his etyapti deya olmaymiz. Sohada raqobat kuchayib, xususiy klinikalarning soni ortayotgani natijasida nafaqat sifatli, balki arzon tibbiy xizmat rivojlanayotganini xalqimizga yetkaza olmayapmiz.

OʻzLiDeP saylovoldi platformasi bilan hamohang tarzda oʻz saylovoldi dasturimda ham partiya elektorati boʻlgan xususiy tibbiyot vakillarini qoʻllab-quvvatlash, qonuniy asoslarini yana-da mustahkamlash borasida qator aniq vazifalar belgilab olingan. Xususan, tibbiy xizmatlarni dunyodagi eng ilgʻor talablar darajasiga koʻtarish, kasallanish koʻrsatkichlarini pasaytirish va aholining uzoq umr koʻrishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan “Aqlli tibbiyot” konsepsiyasini keng joriy etish, ilgʻor uskunalar bilan jihozlangan, malakali kadrlarga ega, yuqori texnologiya va samarali tibbiy xizmatni shakllantirish, tibbiyot muassasalari ilmiy, uslubiy va taʼlimga oid salohiyatini rivojlantirish, sogʻliqni saqlash tizimida innovatsion diagnostika vosita va usullari joriy qilinishiga koʻmaklashish, yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va nazorati boʻyicha uzoq muddatli davlat strategiyasini (dasturini) ishlab chiqish va amalga oshirish, aholini arzon narxdagi sifatli dori vositalari bilan taʼminlash ham muhim vazifalar qatoriga kiradi. Ana shu vazifalar yakdillik bilan amalga oshirilsa, tibbiyotimiz xalqqa yana-da yaqin va qulay xizmat koʻrsatadi.

Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

  • Ko'rildi
    459
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+