Kasallikni davolash va tashxis qo‘yishda xususiy klinikalar faoliyatiga cheklov qo‘ymaslik kerak

26.08.2020, 15:47

Kasallikni davolash va tashxis qo‘yishda xususiy klinikalar faoliyatiga cheklov qo‘ymaslik kerak

Ayni damda mamlakatimizda koronavirus yuqtirganlar soni 39 641 mingdan oshdi, shundan 35 869 mingdan ziyodi yoki 90 foizi sog‘aydi. Bunday natijalar albatta, yurtimiz tibbiyot xodimlarining buyuk xizmatidir.

Negaki, sog‘liqni saqlash sohasida kasallikni davolashda davlat tibbiyot tashkiloti bo‘ladimi yoki nodavlat tibbiyot tashkiloti, ikkalasida ham birday javobgarlik mavjud. Chunki bu yerda inson hayoti va taqdiri yotadi.

Tibbiyoti rivojlangan davlatlarda turli kasalliklarni davolash bo‘yicha protokol standartlar ishlab chiqish bo‘yicha shug‘ullanadigan, mamlakatda alohida yagona davlat tashkiloti mavjud. Bu yerda har bir yo‘nalishning eng yaxshi mutaxassislari tanlab olinib, ular tomonidan kasalliklar bo‘yicha davolash protokollari standartlari ishlab chiqiladi. Ushbu protokollar internetda joylanib, barcha shifokorlarga yetkaziladi. Boisi, shifokorlar ana shu standartlar asosida ish ko‘rishi kerak.

Standartdan chetga chiqqan shifokorlarning litsenziyasi olib qo‘yilishi mumkin, bunga juda jiddiy qaraladi. Shu sababli fuqarolar markazdagi yoki eng chekka hududdagi poliklinikagami, davlat tibbiyot muassasasimi yohud nodavlat tibbiyot muassasasigami murojaat qilsa, bir xil dori vositalari ya’ni, protokol bo‘yicha isbotlangan tibbiyotdan o‘tgan dori vositalari tavsiya qilinadi.

Afsuski, bizda kasal bo‘lib shifokorlarga murojaat qilsangiz, bir xil kasallik uchun ular tomonidan turli davolash dori vositalari yozib beriladi. Bu holat koronavirus kasalligi keng tarqalgan bir paytda yaqqol bilinib qoldi. Aholimiz najot istab shifokorlarga murojaat qilganda turli dori vositalari tavsiya qilindi, natijada bu o‘zining salbiy oqibatlarini ko‘rsatdi.

Eng yomoni, Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari osma ukollar olmaslik xaqida OAV orqali qayta-qayta ta’kidlashiga qaramay, lekin ayrim shifokorlar osma ukollarni tavsiya qilaverdi. Yoki qaysidir shifokor bir dori vositasini samarali desa, ikkinchisi samarasiz dedi.

Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Covid-19”ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtincha tavsiyalar” palata ekspertizasiga taqdim qilinmagani haqida ma’lum qilgani to‘g‘risidagi xabar va bunga javoban “Covid-19”ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalar”ning oltinchi nashri esa, amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat hisoblanmasligi va shuning uchun ham ekspertiza uchun Milliy palataga jo‘natilmagani katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirining “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog‘liq faoliyati bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish, shu jumladan, ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarini kiritilishi belgilandi.

Ushbu holat esa jamoatchilik, jumladan, xususiy klinikalar o‘rtasida ko‘plab e’tirozlar va bahs-munozaralarni keltirib chiqarmoqda. Aksincha tibbiyotimiz bugungi og‘ir bir vaziyatda turganda davlat budjetini iqtisod qilishga yordam beradigan bo‘g‘in bu birinchisi tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini ya’ni, poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari bo‘lsa, ikkinchisi xususiy nodavlat tibbiyot muassasalaridir. Shunday ekan, bugun davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari aholimiz salomatligi muhofazasi uchun birday javobgar bo‘lishi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashi lozim. Bu borada quyidagi takliflarni o‘rtaga tashlamoqchiman.

Birinchidan, sog‘liqni saqlash sohasida har qanday kasalliklarning davolash protokollari, standartlari bilan shug‘ullanadigan yagona davlat tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerak. Toki respublikaning istalgan joyida shifokorlar tomonidan tegishli kasalliklarga bir xil davo muolajasi tavsiya qilinsin va buning uchun javobgarlik masalasi belgilansin.

Ikkinchidan, sog‘liqni saqlash tizimida birlamchi tizim faoliyatini qayta ko‘rib chiqish lozim. Respublika bo‘yicha yopilib ketgan qishloq vrachlik punktlari faoliyatini to‘liq tiklash hamda patronaj shifokorlar va patronaj hamshiralar sonini ko‘paytirish zarur. Shu bilan birga, ularning oylik maoshini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Uchinchidan, kasallikni davolash va tashxis qo‘yishda xususiy klinikalar faoliyatiga cheklov qo‘ymaslik darkor.

Xulosa qilib aytganda, har bir fuqaroning sog‘lig‘i va hayoti biz uchun muhim. Demak, xalqimizni koronavirus balosidan asrab qolish uchun barcha kuch-imkoniyatlarni ishga solish hozirgi paytda har qachongidan ham muhimdir.

 Nigora QUTLIMURATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    1369
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+