“Agar ular qatag‘on qilinmaganida, buyuk ishlarni amalga oshirgan bo‘lar edi”

03.09.2020, 17:43

“Agar ular qatag‘on qilinmaganida, buyuk  ishlarni amalga oshirgan bo‘lar edi”

Mustaqillik bizga o‘zligimizni, erkimizni berdi. Unutilayozgan ona tilimizni, eng katta boyligimiz bo‘lgan milliy qadriyatlarimizni qaytardi. Erkin va ozod o‘zbek xalqi o‘z hayoti va kelajagini  mustaqil barpo etdi. Xalqaro maydonda O‘zbekiston mustaqilligi tan olindi. “Haq berilmas, haq olinur!” deb millat ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu emasmidi?

El-yurtimizning  ozodligi va erkinligi yo‘lida, xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda qurbon bo‘lganlar xotirasi yodimizda abadiy saqlanib qoladi. Mustabid tuzum davrida million-million begunoh insonlarning umri xazon bo‘lganini, qanchadan-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, qanchadan-qancha go‘daklar yetim qolganini tarix, bugungi va kelajak avlod hech qachon unutmaydi.

Har yili qatag‘on qurbonlarini yod etib Mustaqillik bayrami arafasida poytaxtimizdagi «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasida xotira marosimi o‘tkazilishi, so‘nggi yillarda Ishoqxon Ibrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy singari ma’rifatparvarlar xotirasiga bag‘ishlab muzeylar, muazzam haykallar yaratilishi shahidlar xotirasi o‘chmas xotira ekanini, doimo yodimizda, qalbimizda ekanini isbotlaydi.

Joriy yil 31 avgust kuni Prezidentimiz Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurib, nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot qildi. Davlatimiz rahbari qatag‘onga uchragan 100 ming odamning har biri bo‘yicha izlanish, joylarga chiqib, qarindoshlari bilan uchrashib, nomlarini tiklash zarurligini ta’kidladi. Bularning hammasi – odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish uchun, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun emas-mi?

Prezidentimizning davlat rahbari sifatida qatag‘onga uchragan har bir vatandoshimizning nomini tiklash masalasini ilgari surishi mamlakatimiz mustaqilligi, bugungi tinch hayotimiz uchun jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmat-ehtirom ramzidir.

Qatag‘on qurboniga aylanishlariga sabab ular haqiqiy yetakchilar, ilg‘or ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyondalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari bo‘lgan. Agar ular qatag‘on qilinmaganida Vatanimiz rivoji, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lar edilar.

Shunday ekan, bugun har birimiz hozirgi tinch-dorilomon kunlarni qadriga yetishimiz lozim. Boshqacha aytganda, “Yangi O‘zbekiston” deya atalmish jannatmakon yurtimizda har bir sohada yangicha fikrlash, yangicha yondashuv bilan olg‘a borishimiz, Mustaqil O‘zbekistonimizning gullab yashnashi, yanada rivojlanishi uchun davlatimiz rahbari atrofida jipslashimiz kerak.

Nigora  QUTLIMURATOVA,

   Oliy  Majlis  Qonunchilik

 palatasi deputati,

 O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi  

  • Ko'rildi
    663
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+