Mirzacho‘lllik yoshlar uchun amaliy seminar tashkil etildi

04.09.2020, 15:43

Mirzacho‘lllik yoshlar uchun amaliy seminar tashkil etildi

Qishloq joylarda yoshlarning, ayniqsa maktab bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularni yakka tartibdagi, oilaviy va boshqa tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish o‘ta dolzarb masalalardan biridir. Shu sabab, O‘zLiDeP hududiy Kengashi xodimlari, deputatlar joylarda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yoshlarga kasb-hunar sirlarini, malakali tadbirkorlarning ish tajribalarini o‘rgatish borasidagi bir qator amaliy tadbirlarga bosh-qosh bo‘lmoqdalar.

Shu maqsadda o‘tkazilgan amaliy seminarlardan navbatdagisi Mirzacho‘l tumanidagi 1-sektor hududida joylashgan, tadbirkor Dilmurod Kalonov rahbarlik qilayotgan “Yerjar dengizi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli quyonchilik fermasida tashkil etildi.

Seminarda sektor rahbarlari, O‘zLiDeP tuman Kengashi xodimlari, deputatlar hamda hamkor tashkilot vakillari hamda joriy yilda tumandagi umumta’lim maktablarini bitirgan yigit-qizlar ishtirok etishdi.

“Yerjar dengizi” MChJga qarashli   fermada 200 bosh zotli quyon, 500 dona bedana, 180 dona kurka, 100 dona tovuq va g‘oz, 100 ta qo‘y, 10 ta qoramol hamda maxsus hovuzda 500 kg sazan balig‘i chavaqlari parvarishlanmoqda. Bu yerda tadbirkor oila a’zolaridan tashqari yana 5 nafar yoshlar doimiy ish bilan ta’minlangan.

- Biz ham o‘z vaqtida tajribali tadbirkorlardan ko‘plab maslahat, ko‘mak olganmiz. Shu sabab, tadbirkorlik qilaman degan yigit-qizlarga yordam berishga doim shaymiz, - deydi Dilmurod Kalonov. – Chunki, maqsadimiz mazkur ferma negizida klaster tashkil qilib, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik sohalari bilan bir qatorda ozuqa yem ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yish niyatimiz bor. Shu sabab, mazkur sohalar bilan tanish, ish tajribasiga ega yoshlarga talab ko‘payishi aniq.

Amaliy seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldilar. Eng muhimi, mazkur sohalarda faoliyat boshlash niyatida bo‘lgan yoshlar endi qayerga murojaat qilishni biladilar. Chunki, o‘zaro muloqtolar chog‘ida seminarda qatnashgan mutasaddi tashkilot vakillari mazkur sohalarda faoliyat boshlash istagidagi yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    599
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+