Yangi farmon sohada manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishiga barham beradi

08.09.2020, 12:27

Yangi farmon sohada manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishiga barham beradi

Yer umummilliy boylik. Xalqning hayoti, faoliyati va farovonligi asosi, oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy mezoni shu yerdir. Keyingi yillarda shu sababli, yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanish yuzasidan keng qamrovli ishlar kuchaytirildi. Yerlarni muhofaza qilish, yer bilan uzviy bog‘langan Davlat kadastrlari yagona tizimini to‘laqonli yuritish uchun muayyan choralar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 sentabr kuni qabul qilingan “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qildi.

Mazkur farmon o‘zida qanday imkoniyatlarni jo etdi? Ushbu me’yoriy hujjatning qabul qilinishini qanday sabablar taqozo qildi? Birinchidan, yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, yer nazoratini amalga oshirish vazifalari yagona organda to‘plangan edi, yer uchastkalari, bino va inshootlarning kadastr yig‘majildi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning o‘zi tomonidan tayyorlanardi. Bular esa  sohada manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltirayotgandi.

Endilikda farmon bilan zaxirada turgan va yangi ajratilayotgan yer uchastkalariga kadastr yig‘majildi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda – tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limining, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda – tuman (shahar) qurilish bo‘limining murojaatiga muvofiq tuman (shahar) hokimligining buyurtmasiga asosan tayyorlanishi, ushbu xarajatlar yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida mazkur yer uchastkasiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan qoplanishi qat’iy belgilanib qo‘yildi.

2020 yil 1 dekabrga qadar esa barcha qishloq xo‘jaligi xaritalari onlayn geoportalga kiritiladi hamda u Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Farmonda yana bir muhim jihat alohida ta’kidlab qo‘yildi. Chunonchi, 2021 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash va qayta baholash, tuproq bonitirovkasi va tuproq xaritalarining korrektirovkasini o‘tkazish, sug‘oriladigan yerlarda tuproq agrokimyoviy tadqiqot ishlarini bajarish va agrokimyoviy kartogrammalar tuzish, tuproq (er) monitoringini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan nazarda tutiladigan mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ajratiladi.

Ko‘rinadiki, sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish maqsadlarini o‘zida ifoda etgan mazkur farmon ijrosining ta’minlanishi yo‘nalishda yuzaga klayotgan muammolarga yechim bo‘ladi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi agrar va suv xo‘jaligi

masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    406
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+