Sirdaryoda O’zLiDeP deputatining so‘rovida ko‘tarilgan masalalar ijobiy hal etilmoqda

08.09.2020, 16:55

Sirdaryoda O’zLiDeP deputatining so‘rovida ko‘tarilgan masalalar ijobiy hal etilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O`zLiDeP fraksiyasi a’zosi Komil Ernazarov Sirdaryo viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasiga deputatlik so‘rovi bilan chiqdi.

Jumladan, Sirdaryo tumanida saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar jarayonida saylovchilar tomonidan hududdagi 3- va 41-umumta’lim maktablari M34 yo‘liga yaqin joylashganligi, piyodalar uchun yo‘l belgilari qo‘yilgan bo‘lsada, avtomobillarning tez harakatlanayotganligi o‘quvchilarning maktabga kelish va ketish vaqtlarida nafaqat qiyinchilik tug‘dirayotgani, balki, bu yerda yo‘l-trpansport  hodisasi yuz berishi ehtimoli yuqoriligi bildirildi. Saylovchilar tomonidan ushbu hududlarda svetofor o‘rnatilishida amaliy yordam  so‘raldi.

Shuningdek, bevosita saylovchilar bilan bo‘lgan muloqot jarayonida Sayxunobod tumani Ittifoq mahalla fuqarolar yig‘ini hududi – Baxt-Sayxun yo‘lidagi 11- maktabning  o‘quvchilari uchun yo‘lning “Obodon” mahallasiga burilish qismida ham yo‘l-transport hodisasi yuz berishi ehtimoli anchagina yuqori ekanligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Saylovchilar tomonidan ushbu hududda ham o‘g‘il-qizlarning hamda aholining hayot xavfsizligini ta’minlash va mazkur joyga svetofor o‘rnatilishida amaliy ko‘mak berish so‘raldi.

Deputat ushbu muammolarni hal etib berish yuzasidan mutasaddi idora rahbarlariga murojaat bilan chiqdi.

Sirdaryo viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi mazkur murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan M34 “Toshkent-Dushanbe” avtomobil yo‘lining 75-80 km oralig‘ida 3- va 41 maktablar joylashganligi, shuningdek, aholi istiqomat qilishi hamda bu hududda do‘kon, oshxonalar mavjudligi va bu yerda fuqarolar oqimining tartibsiz va serqatnovligini aniqladi. Yo‘l-qatnov qismining piyodalar kesib o‘tishlari uchun tashkil qilingan o‘tish joyida piyodalar harakatini tartibga soluvchi yo‘l belgilari va haydovchilarni ogohlantiruvchi 2 donadan o‘quvchi bolalar maketi o‘rnatilgan. Yo‘lning ushbu hududida yoritish moslamalari va maxsus bo‘yoqlar bilan amaldagi me’yoriy hujjatlar talabida piyodalar o‘tish joyi belgilangan.

Amaldagi me’yoriy hujjatlarga asosan ushbu joyga transport vositalari va piyodalar uchun mo‘ljallangan svetoforlar o‘rnatilishi belgilandi va 41-maktabning piyodalar o‘tish joyiga svetofor  o‘rnatildi. 3-umumta’lim maktabi hududiga mazkur yilning uchinchi choragida ta’mirlash ishlariga ajratilgan mablag‘lar hisobidan svetofor o‘rnatish belgilandi.

Bundan tashqari  deputatlik so‘rovida so‘ralgan Sayxunobod tumanidan o‘tuvchi davlat ahamiyatidagi 4R-25 “F-373 avtoyo‘li-Sayxun k-Baxt sh-Qozog‘iston Respublika chegarasi” avtomobil yo‘lining 454 kilometrida ham o‘rganish ishlari amalga oshirildi.  Yuqorida  keltirilgan yo‘llar chorrahada joylashmaganligi hamda amaldagi me’yoriy hujjatlar talablariga mos kelmaganligi bois mazkur o‘tish joyida svetofor qurilmasi o‘rnatish maqsadga muvofiq emasligi bildirildi. Sayxunobod tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan piyodalar o‘tish yo‘lagiga “Piyodalar o‘tish joyi”, “Bolalar” yo‘l belgilari o‘rnatildi hamda (Zebra) chiziqlari tortilganligi ma’lum qilindi.

Deputatning sa’yi harakati hamda avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamkorligida qilingan sa’yi harakatlar natijasida bolalar hamda fuqarolarning xavfsizligi ta’minlandi.

Ayni kunlarda xalq noibi K.Ernazarovning deputatlik so‘rovi asosida Sirdaryo tumanidagi 36-umumta’lim maktabining 140 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha binosining qurilishi va maktab binosida ta’mirlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

            Dilorom Esonova,

          O`zLiDeP  Sirdaryo viloyat Kengashi

Matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    677
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+