Mustaqillik yurtdoshlarimiz hayotiga yangicha mazmun, turmushiga farovonlik olib kirdi

08.09.2020, 17:05

Mustaqillik yurtdoshlarimiz hayotiga yangicha mazmun, turmushiga farovonlik olib kirdi

Mustaqillik e’lon qilinganidan buyon o‘tgan davr mobaynida xalqimiz va davlatimiz tarixida goyat katta ijtimoiy-syyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar yuz berdi. Milliy davlatchiligimizni qayta tiklashda, ko‘p asrlik beqiyos ma’naviy merosimiz, tarixu madaniyatimizning yanada qad rostlashida sezilarli qadamlar qo‘yildi.

Ayniqsa, so‘nggi to‘rt yilda davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, mamlakatimizning mudofaa qudratini mustahkamlash, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.

Ushbu Strategiyada davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosatni izchil davom ettirish kabi masalalar taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.

Harakatlar strategiyasida “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani albatta bejiz emas.

Negaki, bugungi kunda barcha bo‘g‘indagi rahbarlar, deputat va senatorlar bevosita joylarga chiqib, o‘z faoliyati bo‘yicha xalq oldida hisobot bermoqda. Mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, odamlarning hayotiy muammolarini o‘rganmoqda, ularni qonuniy asosda hal qilish uchun amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

Quvonarli jihati, bugungi kunda O‘zbekiston o‘z fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, himoya qilishga qodir mamlakat sifatida o‘zini namoyon etmoqda. Chet ellarda ishlayotgan va ta’lim olayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalar mustahkamlanib, ularning huquq va manfaatlari ta’minlanmoqda. O‘zbekistonga qaytib, ish yoki o‘qish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan fuqarolarimiz uchun zarur sharoitlar yaratilyapti.

Bulardan tashqari, keyingi to‘rt yilda mamlakatimizda qanchadan-qancha adashganlarga imkoniyat berildi. E’tiborlisi, bu borada insonparvarlik tamoyili asosida mutlaqo yangi amaliyot joriy etilmoqda. Natijada, jinoyat yo‘liga adashib kirib, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan minglab insonlar jazodan ozod qilindi.

Ayting-chi, bunday adolat tantanasidan inson qalbi larzaga kelmaydimi? Ayniqsa, nohaq ayblanib hibsda o‘tirgan kishilarning oqlanishi ortidan ular oilasidagi shod-u xurramlik, davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchning ortganini nima bilan o‘lchab bo‘ladi?!

Sir emaski, dunyoda kattaligi bo‘yicha qachonlardir yetakchi o‘rinda turgan Orol dengizi sobiq ittifoq davrida suv resurslaridan nooqilona foydalanish oqibatida halokatga yuz tutdi. Mintaqada o‘nglab bo‘lmas ekologik va ijtimoiy muammolar yuzaga kelib, odamlar bu yerlardan bosh olib ketishga majbur bo‘lishdi.

Bugun davlat rahbarining tashabbusi bilan bu yerdagi ekologik holatni yumshatish, xalqning dardiga darmon bo‘lish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Orolbo‘yidagi eng og‘ir hudud – Mo‘ynoq tumani qizg‘in mehnat va ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi. Hududdagi ko‘plab ovullar “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlariga kiritildi. Tuman markazida ko‘p qavatli uy-joylar, ta’lim muassasalari, dam olish maskanlari qurildi.

Xulosa qilib aytganda, mustaqillik har bir yurtdoshimiz hayotiga yangicha mazmun, turmushiga farovonlik olib kirdi. Eng muhimi, bugun yurtimizdagi o‘zgarishlarni butun dunyo kuzatmoqda. Zero, bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda.

Baxitbay ALDAMURATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi 

  • Ko'rildi
    594
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+