Kelayotgan qishni behadik kutib olamiz. O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Shahrixondagi muammoni hal etdi

08.09.2020, 17:14

Kelayotgan qishni behadik kutib olamiz. O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Shahrixondagi muammoni hal etdi

Yo‘lsozlik – ulug‘, shu bilan birga, mashaqqatli kasb. Xalqimizning “Yo‘l qurish — savob” degan purma’no naqli zamirida ham ana shu hayot haqiqati mujassam. Chunki yo‘llarning holati yaxshi bo‘lsa, odamlarning og‘iri yengillashadi, uzog‘i yaqinlashadi, turmush sharoiti yaxshilanadi. Agar yomon bo‘lsa-chi?  

Shahrixon tumanidagi “Yangi mahalla” MFYda 544 ta xo‘jalik, 798 ta oila istiqomat qiladi. Ochig‘i, hudud ahli yashash sharoitlaridan sira nolimasdi. Muammolari sekin-astalik bilan hal etilishiga doim umid bilan qarashardi.

Lekin kutilgani bilan natijasi yo‘q bir masala fuqarolarni qiynab yubordi. Sababi ichki ko‘chalarni shag‘allashtirish, asfaltlashtirish masalasi ko‘p yillardan buyon ijrosiz.

Mahalla ahli ham tashkilotma-tashkilot, idorama-idora yurishdan charchadi. Yozda changdan, kuz-qishda loygarchilikdan aziyat chekadigan fuqarolarga qiyin. To‘g‘ri-da mutasaddilar bu ko‘chalarga yurarmidi, odamlarning hasratini qaydan tushunsin?! Ayniqsa, bu mavsumlarda bolalarga qiyin. Mahalladagi 44-umumta’lim maktabiga qatnovdan keyin, albatta, kiyimlarga changu loy izini qoldiradi. Ota-onalar ham shundan bezor bo‘lgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Odinaxon Otaxonovaning hududlardagi o‘rganishlari mazkur muammoning yuzaga chiqishiga sabab bo‘ldi. Xalq vakilining beminnat ko‘magi bilan bugun “Yangi mahalla”liklarning 4 kilometrli ichki ko‘chalari shag‘allashtirildi.

–Mahallamizdagi mavjud to‘rtta ko‘chaning holati juda abgor edi, – deydi mahalla raisi Qodirjon Xolbekov. – Bu masala bo‘yicha bir nechta idora va tashkilotlardan yordam so‘radik. Ammo barchasi “ana bo‘ladi, mana bo‘ladi”dan nariga o‘tmadi. Deputat Odinaxon Otaxonovaga rahmat! Ularga ishonch bildirib yanglishmagan ekanmiz. Ular o‘z homiyliklari bilan muammoyimizga yechim topib berdi. Endi kelayotgan qishni ham behadik kutib olamiz.

O'zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    563
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+