O’zLiDeP deputatlari hazorasplik saylovchilarning muammolarini hal qildi

10.09.2020, 17:29

O’zLiDeP deputatlari hazorasplik saylovchilarning muammolarini hal qildi

Yurtimizga kuz fasli kirib kelishi bilan joylarda qishning ayozli kunlariga tayyorganlik ko‘rish ishlari ham boshlab yuborildi. Ammo, mazkur masalada aholini qiynab kelayotgan muammolar ham talaygina.

Hazorasp tumani “O‘zbekiston” mahallasi Kelajak sari ko‘chasida yashovchi fuqarolar ko‘p yillardan beri elektr toki uchun beton ustunlar yo‘qligi sabab elektr simlarida tez-tez uzilishlar bo‘lishi, buning ustiga tabiiy gaz ta’minoti ham yo‘qligidan  qiynalib kelmoqdalar.  Har yili qishning sovuq kunlarini bazo‘r yengadigan aholi bu borada bir necha bor tegishli tashkilotlarga murojaat qilishiga qaramasdan muammo muammoligicha qolgan. Ushbu masalalarni hal qilishda mahalla faollari o‘zlari ishonch bildirgan O’zLiDeP deputati Mardonbek Abdirimovga amaliy ko‘mak so‘rab murojaat qildi.

Xalq noibining tinimsiz sa’y-harakati bilan 1 oy ichida mazkur mahallaga 500 metrdan ortiq elektr liniyalari o‘tkazildi va  ko‘chalarni gaz ta’minotiga ulash ishlari ham ayni paytda boshlab yuborildi.

Deputat  “Beshta” mahallasida yashovchi Nasiba Jumaboyevaning ham murojaatini beetibor qoldirmadi.  Ushbu xonadonni qaytadan ta’mirlash uchun zarur qurilish mahsulotlari kerak. Saylovchining xonadonini ta’mirlab berish uchun 2 tonna sement yetkazib berishda yaqindan ko‘maklashdi.

Tumandagi “Shoduxurram” mahallasida yashovchi fuqaro Eldorbek So‘fiyev yangi turar joy qurib yashab kelmoqda. Mahalla tabiy gazdan uzilgani sabab suyultirilgan gaz ballon uchun “Hazorasptumangaz” filiali boshlig‘iga 6 oydan beri murojaat qilib kelmoqda. Lekin haligacha uning murojaati qanoatlantirilmagan. Deputat aralashgach esa ushbu oilaga 4 kun ichida suyultirilgan gaz ballon yetkazib berildi.

Ana shunday faol deputatlardan Ulug‘bek Matkarimov ham o‘z saylovchilar dardini eshitib kelmoqda. Hazorasp tuman “Pichoqchi” mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oila a’zosi Adolat Saparboyeva farzandalarining bandligini ta’minlashda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Fuqaroning murojaati bo‘yicha deputat U.Matkarimov o‘z homiyligi asosida mazkur oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlabgina qolmasdan, xonadonidagi tomorqa yeriga 0,5 sotix issiqxona ham qurib berdi. Endilikda oila a’zolari ana shu issiqxonada mehnat qilib, oilasi uchun zarur mahsulotlarni o‘zlari yetishtirib oila dasturxoni to‘kinligini ta’minlaydi, ortganini ichki bozorga sotadi, daromadini ham yaxshilashi mumkin.  

Ozoda Qalandarova,

Xalq deputatlari Hazorasp tuman

 Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik

guruhining ijrochi kotibi

  • Ko'rildi
    540
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+