O’zLiDeP “Yoshlar qanoti” faollarining taklif va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda

14.09.2020, 16:49

O’zLiDeP “Yoshlar qanoti” faollarining taklif va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda

Mustaqillik yillarida tavallud topgan, bunyodkorlik ruhi bilan sug‘orilgan istiqlol g‘oyalari asosida ta’lim-tarbiya olgan yigit-qizlar bugun jamiyatimizning yetakchi kuchiga aylanib ulgurdi. So‘nggi yillarda shaxsan Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida yoshlar bandligini ta’minlash, ularning bilim olishlari, san’at, sport, adabiyot, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari, bir so‘z bilan aytganda, o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga yetishishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi tarkibidagi boshlang‘ich partiya tashkilotlari safida 40 466 nafar a’zolar bo‘lib, ularning 60 foizga yaqini yoshlar hisoblanadi. Agar sohalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, maslakdosh yoshlarimiz deyarli barcha jabhalarda faoliyat ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Ochig‘ini aytish kerak, nomiga hisobot uchun o‘tkaziladigan, majlisbozlikdan iborat tadbirlar vaqti allaqachon o‘tdi. Hozirgi yoshlar har bir masalaga noan’anaviy yondashuvi bilan ajralib turadi. Shunday ekan, ularga qilinadigan takliflar hayotiy bo‘lishi bilan birga amaliy natijalari bilan ham yoshlarni qiziqtira olishi kerak.

O‘z samaradorligini isbotlagan va  yoshlar o‘rtasida ommalashib ulgurgan, bir necha yillar davomida  partiya “Yoshlar qanoti” tomonidan tashkil etib kelingan  istiqbolli loyihalar - “Diplom bilan biznesga”, “Yosh fermer” kabi respublika ko‘rik-tanlovlarini yangi formatda yanada jonlantirish alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Chunki, bunday ko‘rik-tanlovlar davomida yoshlar o‘z tengdoshlari bilan muloqotda bo‘lish bilan bir qatorda, bank, soliq va boshqa tadbirkorlik sohalari bilan doimiy ravishda ish olib boradigan   bir qator hamkor tashkilotlar bilan ham bevosita aloqada bo‘lish imkoniyati yaratiladi.

Ayni paytda joylarda yoshlarni qiynayotgan eng katta muammo – bandlik masalasidir. Bu yil  Jizzax  viloyatidagi umumta’lim maktablarini 21 mingdan ziyod yoshlar bitirib chiqadi. Viloyatdagi  mavjud 9 ta Oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnikumlarga 34 ta mutaxassislik  bo‘yicha 2525 nafar, Vazirlik va idoralar tasarrufidagi 9 ta kollejlarga 40 ta mutaxassislik  bo‘yicha 2860 nafar va kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tasarrufidagi 16 kasb-hunar maktablariga esa 34 ta mutaxasssislik bo‘yicha 3180 nafar yoshlarni qabul qilish rejalashtirilgan. Demak, Oliy o‘quv yurtlariga, texnikum va kasb-hunar maktablariga qamrab olinmagan yoshlar bandligini ta’minlash doimiy nazoratda bo‘lmog‘i kerak.

Joylarda faol tadbirkorlar, deputatlarimizning bu borada amalga oshirayotgan xayrli tashabbuslarini har tomonlama ommalashtirish ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Misol uchun, xalq deputatlari Sharof Rashidov tuman Kengashi deputati, “Xolmo‘minov Zohid” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Sharofat Noriyeva  “Olmachi” mahallasida “Yosh fermerlar” maktabini tashkil qilib, yoshlarga bepul gulchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik sohalari sir-asrorlarini o‘rgatmoqda. Ayni paytda mazkur o‘quv kursini    20 nafar yigit-qiz bitirib chiqdi. Tadbirkor ularga o‘z fermer xo‘jaligidan yer ajratib, urug‘lik bilan ta’minlamoqda hamda ular yetishtirilgan mahsulotlarni ham bozor narxida sotib olmoqda. Bunday xayrli tashabbuslar joylarda qanchalik ko‘p quloch yoysa,  nur ustiga a’lo  nur bo‘lardi.

 O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashida Deputatlik guruhlari, Biznes tuzilmalari va fermerlar bilan ishlash bo‘limlari, “Ayollar qanoti” guruhi a’zolari, deputatlar,  ishtirokida videokonferensiyada ko‘rilgan “Yoshlar qanoti” faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar “Yo‘l xaritasi” qizg‘in muhokama qilindi. Taklif va mulohazalar o‘rganilib, o‘zaro hamkorlik rejalari ishlab chiqildi.  Maqsad – “Yo‘l xaritasi”da ilgari surilgan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlab, yoshlar bilan ishlashni davr talablari darajasiga ko‘tarishdan iboratdir.

Xolmat TO‘RAYEV, 

 O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri.

  • Ko'rildi
    492
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+