Andijon shahar va Xo‘jaobod tumanida Yoshlar konferensiyalari noa’anaviylikni o‘zida mujassam etdi

30.09.2020, 15:29

Andijon shahar va Xo‘jaobod tumanida Yoshlar konferensiyalari noa’anaviylikni o‘zida mujassam etdi

Xo‘jaobod tumanidagi “Samo” ishlab chiqarish korxonasi tomonidan tayyorlanayotgan trikotaj mahsulotlari bugun nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarida ham xaridorgirligi bilan ajralib turadi. Korxonada bandligi ta’minlanganlarning 70 foizini yoshlar tashkil qiladi. Bichish, tikish va qadoqlash tsehlarida faoliyat yuritayotgan yigit-qizlarning tezkor harakatlari, mohirlik bilan bajarayotgan mehnatlariga havasingiz keladi.

O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi tashabbusi bilan partiyaning Xo‘jaobod tumani va Andijon shahar Kengashlarining Yoshlar konferensiyalari ayni tadbirkorlik sub’ektida tashkil qilingan bejiz emas. Mo‘‘jazgina forumni o‘zida aks ettirgan mazkur tadbirlar avvalida 50 nafardan ziyod yoshlar “Samo” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tayyorlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Korxonadagi tengdoshlari bilan samimiy suhbatlashdilar. Qiziqishlar, orzular, kelajak maqsadlar o‘rtoqlashildi.

-Biznes ekskursiyadan so‘ng tashkil qilingan davra suhbati andijonlik mana shunday yoniq qalbli yoshlarimiz tashabbuslariga qanot berdi, - deydi O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi sektor mudiri Sardorbek Maripov. – Bugungi konferensiyalar davomida jamoatchilik kengashi raislari va a’zolarini ovoz berish yo‘li bilan saylab olish bilan birga yosh parlamentchilar oldiga qo‘yilgan dolzarb vazifalar mohiyatini ham tushuntirishga harakat qildik. Bugun yigit-qizlarning fikrlarini tinglar ekanmiz, nigohlarida cho‘g‘, harakatlarida shijoatni ko‘rdik. Mavzu doirasidagi beg‘araz tortishuvlar, bahs-munozaralar kelajak deputatlarini ko‘z oldimizda namoyon qildi.

O’zLiDeP Andijon shahar Kengashi tomonidan konferensiyalar doirasida tashkil etilgan “Ochiq osmon ostida” loyihasi ko‘ngilochar tadbirga aylandi. Yoshlar Xo‘jaobod tumanining “Imomota”  ziyoratgohi joylashgan tog‘ bag‘ridagi kenglikda tadbirning kun tartibiga qo‘yilgan masalalarini erkin muhokama qildilar. Noan’anaviy tarzda o‘tkazilgan konferensiyada jamoatchilik kengashi raisi, a’zolari saylanib, kelgusida bajarilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi. Partiya viloyat Kengashi Yoshlar qanotining iste’dodli yigit-qizlaridan iborat san’atkorlar jamoasi tomonidan tayyorlangan badiiy dastur tadbirga o‘zgacha ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

-Bugun ma’ruzabozlikdan, ochig‘ini aytish kerak, qochish vaqti keldi, - deydi O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova. – Targ‘ibot-tashviqot tadbirlari mana shunday noan’anaviy tarzda o‘tkazilishi ishtirokchiga zavq beradi, shu bilan birga, uning fikrini erkin, bemalol bildira olishi, munozaraga kirishishi uchun xizmat qiladi. Yoshlar konferensiyalarini o‘tkazishda ayni shu haqiqatga amal qilganimiz bejiz emas.

Yosh parlamentchilar va xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi partiya deputatlik guruhi a’zolarining samimiy suhbati ham qiziqishlar ortidagi savollarga javob bo‘ldi.

Elyorbek AVULOV,

O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

Yoshlar qanoti bo‘lim mudiri.

  • Ko'rildi
    807
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+