Buxoroda yoshlarning ishsizlik darajasi 15,2 foizni tashkil etmoqda

11.10.2020, 06:01

Buxoroda yoshlarning ishsizlik darajasi 15,2 foizni tashkil etmoqda

Buxoro viloyatida 113,2 ming aholi ish bilan band bo‘lmagan faol ish qidiruvchi bo‘lib, ishsizlik darajasi 13 foizni tashkil qiladi. 33,9 ming nafar yoshlar ishga joylashtirishga muhtoj. Yoshlar orasida ishsizlik darajasi 15,2 foizni tashkil etmoqda.

Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida shu haqida so‘z bordi. Komissiya yig‘ilishida komissiya a’zolari, tashkilot, muassasa rahbarlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni komissiya raisi, 46-Sarmijon saylov okrugidan xalq deputatlari viloyat kengashiga O’zLiDePdan saylangan deputat Bobomurod Ochilov olib bordi.

Joriy yilning 9 oyida mehnat organlari tomonidan 18,1 ming nafar yoshlarga xizmat ko‘rsatildi. Xususan, 7,1 ming nafar yoshlar doimiy ish joylariga joylashtirildi. 0,9 ming yoshlar kasbga o‘qitildi. 1,3 ming yoshlar ishsizlik nafaqasi bilan ta’minlandi. 1,5 mingga yaqin yoshlarga mehnat bandlik masalalari bo‘yicha huquqiy maslahat xizmatlari ko‘rsatildi. 7,3 mingdan ortiq yoshlar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. Ularning ish haqi to‘lovi uchun Jamoat ishlari jamg‘armasidan 5,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ moliyalashtirildi. Yoshlar bandligiga ko‘maklashish borasida viloyatda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i A. Hamroyev ta’kidlab o‘tdi.

Komissiya yig‘ilishida yoshlar bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati, ularning ma’naviyatini yuksaltirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus doirasida Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti Buxoro filialida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitildi.

Ta’kidlanishicha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish yo‘lida oliy ta’lim muassasalarida muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, pandemiya sharoitida onlayn guruhlarga yoshlar san’at, musiqa, sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z ijodlarini namoyon etgan holda ko‘rik tanlovlarga jalb qilingan. Talabalar turar joylarida tashabbusga moslashtirilgan xonalarda “Yosh qalamkashlar”, “Teatr – tarbiya maskani”, “Vatan bo‘ylab sayr qilamiz”, “Yosh musavvirlar”, “Mohir qo‘llar”, “Pazanda bekajon”, “Zakovat” talabalar ligasi to‘garaklarining doimiy faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sport-sog‘lomlashtirish, o‘zbek milliy kurashi, dzyudo, voleybol, basketbol, futbol va boshqa sport turlari to‘garaklari yoshlar ixtiyorida. 30 ta kompyuterdan iborat AKT xonasida yoshlarni internet va axborot texnologiyalaridan foydalanishlari uchun barcha qulayliklarga ega kompyuter texnologiyalari faoliyat olib bormoqda.

Kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalar deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

 Zarif Komilov,

O’zLiDeP Buxoro viloyati

Kengashi bo‘lim mudiri 

  • Ko'rildi
    728
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+