Davlat dasturining barcha yo‘nalishlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda partiyamiz ham faol harakat qiladi

27.01.2018, 17:59

Davlat dasturining barcha yo‘nalishlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda partiyamiz ham faol harakat qiladi

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab quvvatlash yili”da  amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni butun xalqimiz, xususan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokrtik partiyasi a’zolari, xayrixohlari va faollari tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi. Negaki, Farmonda ko‘zda tutilgan tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar barqarorligini ta’minlash, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yo‘nalishlarda qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar O‘zLiDePning dastur va g‘oyalariga hamohangdir.

Mazkur Farmonda alohida ta’kidlangan tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga 2 yil muddatga marotoriy e’lon qilingani partiyamiz elektorati bo‘lgan ishbilarmon va tadbirkorlar manfaatlarini to‘la-to‘kis himoya qilishga, ular faoliyatini yanada jonlantirishga xizmat qiladi.

Chunki, shu paytga qadar tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xo‘jalik faoliyatini yurituvchi shaxslar doimo kelayotgan tekshiruvchi — ya’ni nazorat organlaridan hadikda yashardi. Tekshirishga kelgan soliq, bojxona, prokuratura, deaprtament, DSENM xodimi haftalab, oylab tekshirish o‘tkazib, tadbirkordan kerak bo‘lgan yoki bo‘lmagan hujjatlarni talab qilardi. Kelgan tekshiruvchiga hujjat yig‘ish bilan ovora bo‘lgan tadbirkorning esa qiladigan ishi, oladigan daromadi haqida o‘ylashga vaqti yo‘q edi. Bu esa o‘z-o‘zidan tadbirkorlik faoliyatining yanada kengaytirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga, xorijdan zamonaviy texnologiyalar olib kelib, sifatli va xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqishga xalaqit berardi. Endilikda bu kabi muammolarga barham berildi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan har bir ishbilarmon va tadbirkor uchun “tekshiruvchi”ga hujjat yig‘ish emas, halol mehnat qilib ishlaydigan zamon keldi, deb baralla aytishimiz uchun asoslarimiz bor.

Shu o‘rinda yana bir gap. Davlat dasturida xususiy tibbiy xizmat va dorixonalar faoliyatini rivojlantirish va bu orqali aholi salomatlini saqlash, uzoq umr ko‘rishini ta’minlash borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ham partiyamiz oldida katta mas’uliyat yuklaydi. Ijtimoiy dorixonalarning rivojlangan tarmog‘ini yaratish, aholi bandiligi va fuqarolarning real daromadlarini oshirish, “iste’mol savatcha”sini aniqlash esa xalqimiz daromadlarini oshirishga, pirovardida, davlatimizning yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga bo‘lgan taqiq bekor qilingani adolatli jamiyatimizda inson manfaatlari hamma narsadan ustunligini, ilmli, ma’rifatli va yetuk kadrlarni o‘z iste’dodlarini to‘laqonli namoyish etishiga qonuniy yo‘l ochib berganligi bilan muhim ahamiyatga ega. 

Bir so‘z bilan aytganda, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab quvvatlash yili”da  amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni partiyamizning dasturiy g‘oyalarini to‘laqonli hayotga tatbiq etishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Yashin DUSHANOV,

O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi raisi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1284
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+