“Ayollar daftari”ga kiritilgan 40 nafar mirishkorlik kasb-hunarga o‘qitilib, sertifikat berildi

15.03.2021, 17:49

“Ayollar daftari”ga kiritilgan 40 nafar mirishkorlik kasb-hunarga o‘qitilib, sertifikat berildi

Qishloqda gap yotmaydi. Oybahor opa Hasanovaning “Mo‘‘tabar ayol” ko‘krak nishoniga sazavor bo‘lgani bir zumda Mirishkor tumanidagi Chamanzor qishlog‘iga yetib bordi. Bu xushxabardan el quvondi. “O’zimizning Oybahor opamiz shunday e’zozga munosib ko‘rilibdi, bundan quvonmay bo‘ladimi?” deya bir-birini qutlashdi qishloqdoshlar. Bu Oybahor Hasanovaning elda obru e’tibori, hurmati yuksakligidan dalolat berib turibdi.

To‘g‘rida, u Qashqadaryoning eng chekka hududi Mirishkor tumaniga ko‘chib kelganida endiga 18 yoshga to‘lgan, yoshgina kelinchak edi. Cho‘l hududining “tuf” desangiz yerga tushmay muzlab qoladigan sovuqlariyu, yoz chillasining tandir hovuridek  garmsel shamollari yoshgina, navnihol kelinchakni Samarqandga qaytib ketishga qanchali undamasin, u bu qiyinchiliklarni sabr-bardoshi, matonati bilan yengdi. Turmush o‘rtog‘i bilan mushtni bir joyga o‘rib, cho‘lda paxta ekdi, g‘alla parvarishladi, h\ayot sinovlarini mardonavor yengdi.

-O’zingning mehnating singgan joy qadrdon bo‘lib qolar ekan,- deydi Mirishkor tumanidagi “Chamanzor” MFY raisining xotin-qizlar va ma’naviy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, tumna Kengashi deputati  Oybahor Hasanova.- Hozir men uchun shu qishloqning har bir so‘qmog‘i, ko‘chalari, odamlari shu qadar  ko‘nglimga yaqinki, ularsiz hayotimni tasavvur ham qila olmayman. Ikki o‘g‘lim shu yerda dunyoga keldi. Ular Vatan degan tushunchani shu yerdan boshlanadi deb bilishadi.  Bundan tashqari meni bu yerga bog‘lab turgan yana bir muhim jihat bu – yoshligim, navqironlik davrimni eslatib turadi bu yerlar.

Oybahor opada kuyunchaklik bor. Bu kuyunchaklik elning hamjihatligi, farovonligi va bag‘rikengligi bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa u yosh oilalarni mustahkam bo‘lishi uchun qayg‘uradi. Shundan bo‘lsa kerak, mahallada hozir ajrimlar deyarli yo‘q. 2705 nafar xotin-qizning hammasi Oybahor opani hurmat qiladi, so‘zini ikki qila olmaydi, izidan ergashadi. Shuning o‘zi uni  mahallada xotin-qizlarga bosh bo‘lishida muhim omildir.

-17 yildan buyon mahallada xotin-qizlar bo‘yicha ishlayman, - deydi O. Hasanova.  –Qishloqdagi hamma ayolni nomma-nom bilaman. To‘g‘ri, 57 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lsa, ularning 40 nafarini kasb-hunarga o‘qitib, sertifikat berdik. Hozirgi kunda 8 nafar xotin-qizga bankdan 20 million so‘mdan kredit olishiga ko‘maklashayapman. Oyimxol Atalikova 20 million so‘m kredit olib, tikuvchilikni  yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, Gulshoda Salayeva 20 million so‘m kredit evaziga parrandachilikni yo‘lga qo‘ydi. Gulhayo Xo‘jayeva 20 million 800 ming so‘m kredit olib, 20 nafar xotin-qizni gilamchilikka o‘qitishga kirishdi. 21 nafar boquvchisini yo‘qotgan, 4 nafar noturar joyda yashab turgan ayollardan ham ko‘magimizni ayamayapmiz.

-Qishloq ayollariga bosh bo‘lish, ularning dardu hasratlarini toqat bilan eshitish, ko‘maklashish bu judayam og‘ir masala,- deyman G. Hasanovaga.

-Haqiqatda og‘ir yumush, ammo men muammosi hal etilgan ayol yuzida tabassum ko‘rsam, yayrab ketaman, hayot ko‘zimga yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi. Boshqa ayolni bilmadimu men qishloqda birorta notinch, noahil oilani ko‘rsam, to ular yarashmaguncha yotib uyqum kelmaydi. Partiyamiz “Ayollar qanoti”ning “Bir deputat – 100 ayolga ko‘makchi” loyihasi tuman Kengashi deputati sifatida menga yanada kuch baxsh etmoqda. Yengni shimarib, bor kuch bilan ishlashga da’vat etayapti.

Bir so‘z bilan ifodalaganda, Oybahor opaning  ko‘ksida porlab turgan “Mo‘‘tabor ayol” ko‘krak nishoni haqiqiy ma’noda uning Qashqadaryoning eng mo‘‘tabar ayollaridan biri ekanidan dalolat berib turibdi. Zero, ayollari e’zoz topgan yurt fayzli, qut-barakalidir. 

  O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    460
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+