Namanganda faol o‘quvchilarga O’zLiDeP deputati bir martalik stipendiya berdi

15.03.2021, 19:16

Namanganda faol o‘quvchilarga O’zLiDeP deputati bir martalik stipendiya berdi

Mamlakatimizda yosh avlodni aqlu zakovatli, bilimdon etib tarbiyalash, ertamiz egalarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm sari intilishlarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buning natijasi o‘laroq umumta’lim va ixtisoslashgan maktab internati o‘quvchilari dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilinib, grantlarga sazovor bo‘layotganligi, turli tanlov va konferensiyalarda ishtirok etib, muvaffaqiyat qozonayotgani ko‘pchilikni quvontiryapti.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, “Art Soft Holding” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi, O’zLiDeP faoli Olimxon Boboxonov tashabbusi bilan Namangan shahridagi 1-sonli Davlat ixtisoslashgan maktab internati o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan muloqotda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”  Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda kelajagimiz vorislarining bilim olish va kasb-hunar egallashlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, zarur sharoitlardan oqilona foydalanish lozimligi haqida so‘z yuritildi. O’quvchi yoshlarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

E’tiborlisi shundaki, uchrashuv yakunida Hindistonning Sharda universitetiga imtiyozli qabul qilingan, mazkur maktab internatning 11-sinf o‘quvchisi Samandar Umataliyev va 7-8-sinflar o‘rtasida matematika bo‘yicha o‘tkazilgan fan olimpiadasining viloyat bosqichi g‘olibi, 7-sinf o‘quvchisi Sardor Baxriddinovga deputat stipendiyasi va o‘quvchilarning ota-onalariga tashakkurnoma topshirildi.

Iqtidorli o‘quvchilarning ulkan zafarlaridan quvongan deputat Olimxon Boboxonov o‘zi saylangan “30-G’ishtko‘rik” saylov okrugi hududida joylashgan 4, 15, 22, 43 va 46-sonli umumta’lim maktablarining o‘quvchilarini shunday muvaffaqiyatlarga erishishga o‘ziga xos motivatsiya berish maqsadida yuqori sinf o‘quvchilariga bir martalik stipendiya berishni rejalashtirdi.

  • Ko'rildi
    369
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+