O’zbekiston — Germaniya: ishonchli va sinalgan sheriklik

17.03.2021, 10:02

O’zbekiston — Germaniya: ishonchli va sinalgan sheriklik

Rivojlangan davlatlar haqida gap ketganda Germaniya ham alohida tilga olinishi bejiz emas. Chunki bugungi kunda jahonning ilg‘or mamlakatlaridan biri bo‘lgan Germaniya sanoat va texnologiyalar borasida tan olingan peshqadam sifatida global iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarda yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Germaniya Federativ Respublikasi mamlakatimiz mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. Bu yurt o‘z navbatida, ko‘p yillar davomida eng ishonchli va sinalgan hamkorlarimizdan biri bo‘lib kelyapti. Mana, 30 yildirki, O’zbekiston hamda Germaniya o‘rtasida barcha sohada faol muloqot, yaqin aloqa va tajriba almashuv olib borilmoqda. Joriy yil 12 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bilan videoanjuman shaklida o‘tgan sammiti kun tartibidan ham bugungi murakkab sharoitda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

Aytish joizki, ikki tomonlama munosabatlar mustahkam poydevorga asoslangan va an’anaga ko‘ra ishonch xususiyatiga ega. Ikki respublika o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgandan buyon siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar muloqotlarni mustahkamlashga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirildi. So‘nggi yillarda ko‘plab sohalarda hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Davlatlar o‘rtasida o‘rnatilgan siyosiy o‘zaro ishonch hamkorlik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qilayotir.

Germaniya ayniqsa, pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surishda faol ishtirok etib, jahon mamlakatlariga, shu jumladan, O’zbekistonga katta amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Masalan, nemislar ko‘magi bilan COVAX tashabbusi doirasida shu oyning oxirida mamlakatimizga koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi yirik partiyasi yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Qolaversa, Yevropaning yuqumli kasalliklarni o‘rganish sohasidagi nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasasi — Robert Kox instituti bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan.

Davlatimiz rahbari va Germaniya Kansleri ikki yil avval Berlin shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilayotgani ikki tomonlama munosabatlarning barqaror sur’atlar bilan rivojlanishini ta’minlayotganini ham katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. Prezidentimiz mamlakatimizda yangi demokratik yangilanishlar siyosatini og‘ishmay qo‘llab-quvvatlayotgani hamda yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga moliyaviy-texnik jihatdan ko‘maklashish dasturini kengaytirayotgani uchun GFR hukumatiga minnatdorlik bildirdi.

Sammitda iqtisodiy hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Chunonchi, Germaniya O’zbekistonning muhim texnologik va investitsiyaviy sherigi bo‘lib kelmoqda. Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar ko‘paydi, 50 ga yaqin yangi qo‘shma korxona tashkil etildi. O’zbekistonda Germaniyaning «MAN», «Claas», «Knauf», «Papenburg» kabi mashhur kompaniyalari faol ishlamoqda. «Volkswagen» va «Viessmann» kompaniyalari ilk bor yurtimiz bozoriga kirib kelgan bo‘lsa, uzoq tanaffusdan so‘ng «Siemens» va «Bosch» kompaniyalari qaytib keldi. Quvonarlisi, o‘tgan yilda Germaniya kompaniyalari tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 700 million dollardan oshdi.

Germaniya Markaziy Osiyoga yirik tabiiy, insoniy va iqtisodiy salohiyatga ega mintaqa sifatida qarashi rost. Shu bois, uchrashuvda qo‘shma loyihalar, ishbilarmonlarning aloqalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yetakchi nemis kompaniyalari va bank institutlarining O’zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga kelishib olindi.

Kooperatsiyaning yangi yo‘nalishlarini, eng avvalo, industrial klasterlar, raqamlashtirish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surish maqsadida joriy yilning may oyida O’zbekiston — Germaniya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirildi. Tomonlar mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalasida hamda Yevropa Ittifoqi bilan konstruktiv muloqot doirasida, shu jumladan, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashni tez fursatda yakunlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga ahdlashib oldilar.

Hammamizga yaxshi ma’lumki, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalasida ham har ikki mamlakatning pozitsiyalarida o‘xshashlik mavjud. O’zbekiston Prezidenti va Germaniya Kansleri xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda global va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almasharkan, rasmiy Berlin mamlakatimizning Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi siyosatini qo‘llab-quvvatladi. Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish, shu maqsadda transport va energetika sohalarida mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surish borasida ko‘rilayotgan sa’y-harakatlar yuksak baholandi. Bu esa O’zbekiston Respublikasi uchun Germaniya Federativ Respublikasi ulkan siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-intellektual salohiyatga ega bo‘lgan ishonchli hamda uzoq muddatli sherik ekanligini amalda yana bir bor isbotladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Germaniya yurtimizning barcha sohalardagi muhim hamkori hisoblanadi. Shu jihatdan, kelgusida o‘zbek — nemis aloqalarini o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida rivojlantirish g‘oyat muhim vazifalardan biridir.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

   O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    623
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Рахманова Гульнара Арзеновна 2021-03-17 15:44:04

Райсимиз маколасида хакикатдан хам шерикчиликни тугри йулга куйиш билан давлатлараро дустлик ришталар янада мустахкамланиши, юртимизда тинчлигимиз обадий булиши ва албатта бугинги кунда Узбекистон Республикаси хам ривожланган давлатлар каторидан уз жойини топганлиги куриниб тур.


Fikringizni qoldiring

+