Deputatlar ham faollik ko‘rsatishlari lozim

17.03.2021, 18:25

Deputatlar ham faollik ko‘rsatishlari lozim

Mamlakatimizning Janubiy hududida joylashgan Qashqadaryo viloyati iqlimi, daryo va irmoqlari, unumdor yerlari, xomashyo resurslari va tabiiy zaxiralarga boyligi bilan katta salohiyatga ega. Shunday ulkan imkoniyatlar mavjud bo‘la turib, ulardan nega unumli foydalanilmayapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Mana birgina misol:  viloyatda bir yilda 106 ming tonna gipsokarton, 102 ming kvadrat metr kafel va boshqa qurilish materiallariga ehtiyoj mavjud. Viloyatda bu mahsulotlarni ishlab chiqarishga xomashyo yetarli bo‘lsa-da, umuman ishlab chiqarilmaydi. Qurilish uchun juda zarur bo‘lgan gipsokarton va kafel mahsulotlarini boshqa hududlardan sotib olib kelish juda qimmatga tushmoqda.

Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida hamda elektr energiyasi tarmog‘ida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishish jarayonida aynan shu masalalarga ham e’tibor qaratildi. Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev bu masalalarga to‘xtalar ekan, Chiroqchi tumanida 210 milliard so‘mlik loyiha evaziga gipsokarton, pardozbop toshlar, gazobeton, temir-beton konstruksiyalar ishlab chiqarish mo‘ljallanayotganini, buning natijasida uy-joylar qurilishida 1 kvadrat metr tannarxini 25 foizgacha qisqartirish imkoniyati paydo bo‘lishini aytib o‘tdi. Chiroqchi tumanida kafel ishlab chiqarish, Shahrisabz shahrida granit va marmarni qayta ishlash bo‘yicha ham loyihalar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 26 ta loyiha taklifi bildirilgan bo‘lib,  shundan 10 tasi tayyor mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Bu loyiha amalga oshirilsa, paxta xomashyosini viloyatning o‘zida qayta ishlash darajasiga sezilarli oshadi va  7 ming 600 nafardan ziyod yangi ish o‘rni ochishga imkoniyat yaratiladi.

Yana bir qulay imkoniyat shundan ibratki, Shahrisabz tumanidagi tog‘oldi hududlarida kartoshkachilikni rivojlantirish uchun iqlim juda mos, yer, suv va ishchi kuchi ham mavjud. Agar aholiga yer ajratib berilsa, shu hududlarning o‘zida viloyatda yetishtirilayotgan kartoshkaning 34 foizini ishlab chiqarsa bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu loyiha amalga oshirilsa, 6 ming 500 nafar aholini foydali mehnat bilan band qilish imkoniyati yaratiladi.

Xulosa shundan iboratki, Qashqadaryoni rivojlantirish uchun joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 11 trillion 300 milliard so‘m bo‘lgan 1 ming 125 ta hududiy loyiha amalga oshiriladi. Maqsad hududda sanoatni, qishloq xo‘jaligini, xomashyo resurslarini, to‘qimachilikni va turizmni rivojlantirish orqali xalq farovonligini ta’minlash, milliy yuksalish sari dadil qadam tashlash ekan, bu ulug‘vor vazifalarni amalga oshirishda har bir kishi xususan, deputatlar ham faollik ko‘rsatishlari lozim. 

  Asila Sultonova,

  O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

mafkuraviy targ‘ibot-tashviqot ishlari

 bo‘limi mudiri.

  • Ko'rildi
    403
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+