Fuqarolar xavfsizligi va xotirjamligi eng katta boyligimizdir

17.03.2021, 18:46

Fuqarolar xavfsizligi va xotirjamligi eng katta boyligimizdir

Xotirjamlikka ne yetsin. Farzandlaridan, yaqinlaridan ko‘ngli tinch odam baxtlidir. Binobarin, inson hayoti, umr yo‘llari bir tekis emas. Gohida favqulodda holatlar, halokat va tabiiy ofatlar yuz bermasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Ana shunday ko‘ngilsizliklarga biz doim tayyor turishimiz, irodamiz va matonatimiz bilan qat’iy kurashishimiz lozim. 

Albatta, bu sohada O’zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, deputatlarimiz tomonidan qizg‘in muhokama qilindi. Bunda birorta jihat ham e’tibordan chetda qolmasligi, qonunning mukammal va to‘laqonli bo‘lishi uchun astoydil ish olib borildi.

Hozirgi kunda bilasiz, dunyo mamlakatlari bilan bir qatorda, mamlakatimizda ham koronavirus infeksiyasi (COVID-19) keng tarqalib, O’zbekiston Respublikasida favqulodda chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etdi. Bu esa o‘z navbatida milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Shu sababli, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq va xorijiy tajribadan kelib chiqib, milliy qonunchiligimizda qonun darajasida tegishli huquqiy asoslar yaratish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmati mas’ul xodimlardan iborat ishchi guruh tomonidan loyiha ishlab chiqildi.

Loyihada favqulodda holatni joriy etishda vujudga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar aks ettirilgan. Jumladan, favqulodda holatni joriy etish holatlari va tartibi, favqulodda holatda qo‘llaniladigan choralar va cheklashlar, favqulodda holat amal qiladigan davr uchun joriy etiladigan maxsus davlat boshqaruv organlari, favqulodda vaziyat sharoitida jismoniy va yuridik shaxslarning, shuningdek mansabdor shaxslarning huquqlari kafolatlari, favqulodda holat sharoitlarida sudlarning faoliyatini tartibga soluvchi va boshqa maxsus qoidalar mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Albatta, mazkur Qonunning qabul qilinishi, davlat boshqaruvi tizimi orqali samarali va tezkor favqulodda choralarni qo‘llashga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishda huquqiy munosabatlarni tartibga solishga, O’zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga imkon yaratadi. Zero, xalqimizning xavfsizligi, xotirjamligi  va tinch-totuvligi eng katta boyligimizdir.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    395
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+