Shahrisabzda afg‘on gilamlari to‘qilmoqda

18.03.2021, 14:33

Shahrisabzda afg‘on  gilamlari to‘qilmoqda

Shahrisabz shahrida “AFGHAN BAZAR SILK CARPETS SHAKHRISABZ” MChJ shaklidagi Afg‘oniston bilan hamkorlikda afg‘on gilamlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan qo‘shma korxona ishga tushdi.

Korxona ish boshqaruvchisi Nasim Ziyovuddinovning ma’lum qilishiga ko‘ra, gilam to‘qish uskunalari afg‘onistonlik hamkorlar tomonidan olib kelib o‘rnatilgan. Asosan gilam qo‘lda to‘qiladi. Shu bois ayni paytda 60 nafarga yaqin ishsiz shahrisabzlik xotin-qiz afg‘onistonlik mutaxassislardan anchayin murakkab bo‘lgan qo‘lda gilam to‘qish sir-asrorlarini puxta o‘rganishmoqda.

-Ishsiz va “Ayollar daftari”ga kirgan xotin-qizlar bandligini ta’minlashda bu qo‘shma korxonaning ahamiyati juda katta bo‘lmoqda,- deydi O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” bo‘limi boshlig‘i Gulbahor To‘rayeva. – Quvonarli jihati esa shahrisabzlik ayollarning dunyoga mashhur afg‘on gilamlarini to‘qishni o‘rganishi bu hududda gilamdo‘zlar uchun markaz tashkil etish imkoniyatini yaratadi.

Eng muhimi, Shahrisabzda to‘qilayotgan bu gilamlarni Yevropa davlatlariga eksport qilish mo‘ljallanmoqda. Bundan tashqari Shahrisabzga kelayotgan xorijlik sayyohlar ham qo‘shni mamlakat bilan hamkorlikda yaratilayotgan qadimiy  usuldagi bu gilam namunalarini tomosha qilishi hamda xarid qilishi uchun imkoniyat yaratiladi.

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    683
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+