Deputat tashabbusi: “Ayollar daftari”dagi 13 nafar xotin-qizga tadbirkorlik boshlashlari uchun mablag‘ ajratildi

18.03.2021, 14:36

Deputat tashabbusi: “Ayollar daftari”dagi 13 nafar xotin-qizga tadbirkorlik boshlashlari uchun mablag‘ ajratildi

N.Saidova xo‘jaobodlik. Qaramog‘idagi uch farzandini yolg‘iz parvarish qilmoqda. “Ayollar daftari”ga kiritilgani bejiz emas. Mavsumiy ish bilan bandligi ortidan topgani ro‘zg‘orga arang yetadi. Tikuvchilikka o‘quvi bor. Tikuv mashinasi bo‘lsa, ro‘zg‘orning bir tomonini shuning ortidan ko‘tarish maqsadi bor...

O’zLiDeP Xo‘jaobod tuman Kengashi tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi xotin-qizlar uchun tashkil etilgan davra suhbati N.Saidova kabi fuqarolarga ayni muddao bo‘ldi. Uchrashuvda ishtirok etgan tumanning mutasaddi tashkilot va idoralari mas’ullari, xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi partiya deputatlik guruhi a’zolari qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga javob berish bilan bir qatorda ularga amaliy ko‘nikmalar ham taqdim etdilar.

-Ishtirokchilar orasidagi 13 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan atroflicha suhbatlashdik, - deydi O’zLiDeP Xo‘jaobod tuman Kengashi apparat rahbari, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Bahodirjon Saydolimov.- Ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash oldimizdagi dolzarb vazifamiz. Shuning uchun ham ularning har biriga 5 million so‘mdan mablag‘ ajratilishiga erishdik. Bu mablag‘ evaziga ular tadbirkorlik va hunarmandchilikning turli yo‘nalishlarida faoliyatlarini yo‘lga qo‘yadilar.

Ochiq muloqotda xotin-qizlar tomonidan bildirilgan mavzu doirasidagi takliflar deputatlar tomonidan inobatga olindi.

Kamoliddin SIDDIQOV,

O’zLiDeP Xo‘jaobod tuman Kengashi

ijrochi kotibi

  • Ko'rildi
    787
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+