O‘zLiDeP “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini ta’minlashga jiddiy kirishdi

25.03.2021, 18:32

O‘zLiDeP “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini ta’minlashga jiddiy kirishdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan partiya hududiy kengashlari rahbarlari, deputatlik guruhi a’zolari, partiya faollari ishtirokida videokonferensiyaaloqa shaklidagi navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Prezidentimiz raisligida 24 mart kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidan kelib chiqadigan partiya oldidagi ustuvor vazifalarga qaratildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2018 yildagi farmonlari bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qabul qilingan edi. Ushbu dasturlar doirasida 5 millionga yaqin yurtdoshimiz yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqdagi sharoitlar yaxshilandi.

Bugungi kunda yurtimizda sharoiti og‘ir bo‘lgan 796 ta qishloq va shaharlarda 188 ta mahalla mavjud. 4 mingdan ziyod mahallaning elektr ta’minoti qoniqarsiz ahvolda. Qishloqlarga infratuzilma borsagina, hayot sifati o‘zgaradi, tadbirkorlik rivojlanadi. Shu sababli, bu yil “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yangi yondashuvlar asosida shakllantirildi. Aholi talablaridan kelib chiqib, 206 ta tuman va shahar hokimlari, yo‘l, elektr ta’minoti, kommunal xizmat va tadbirkorlikka mas’ul rahbarlar bilan birma-bir gaplashilib, 8 mingta mahallada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi. Bunda, obodonchilik bilan bir qatorda ish o‘rinlari tashkil etish, aholini kambag‘allikdan chiqarish masalalari ham ko‘zda tutilgan. Mazkur dasturlarni amalga oshirilishida jami 21 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda.

Partiya yig‘ilishida ushbu belgilab berilgan dasturlarni joylarda to‘liq ijrosini ta’minlashda partiyaning barcha mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari qat’iy deputatlik nazoratini o‘rnatish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Endilikda bundan buyon “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga qaysi mahalla yoki qishloq kirishini mahalliy kengashlar belgilab beradi. Tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari zarur mablag‘lar va amalga oshiriladigan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi.

Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yo‘l-transport va infratuzilma ob’ektlari manzilli dasturini tasdiqlaydi. Qurilish vazirligi hokimliklar bilan birga ularning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari siyosiy partiyalar rahbarlari va joylardagi mahalliy kengashlar rahbarlari ham bu boradagi ishlarni saylovchilariga yetkazish kerakligini ta’kidladi. Shundan kelib chiqqan holda mahalliy kengashlarda eng ko‘p o‘ringa ega bo‘lgan O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlarining yuqoridagi jarayonlarda faol ishtiroki ta’minlanadi.

Bundan tashqari partiya qator mas’ul rahbarlar, mahalla tizimi faollari bilan hamkorlikda mahallabay ishlash tizimini yo‘lga qo‘yib, har bir xonadon vakillari bilan yuzma-yuz muloqotga kirishishni boshlab yubordi. Ayniqsa, “temir daftar”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolarning muammolarni o‘rganish, xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlar ko‘magida turli kasb-hunarlarga o‘qitish, shu orqali ularning bandligini ta’minlash masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratadi.

Partiya bu borada eng chekka hududlargacha amalga oshirib kelayotgan “Bir deputat - to‘rt yuz fuqaroga madadkor” loyihasini yanada ommalashtirmoqchi. Bunda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga O‘zLiDePdan saylangan deputatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish, shu orqali yordamga muhtoj yurtdoshlarimizga ko‘mak ko‘rsatish, ularni doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Partiyaning videokonferensiyaaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    493
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+