Azaliy do‘stlik, qardoshlik munosabatlari yanada mustahkamlanadi

05.04.2021, 17:39

Azaliy do‘stlik, qardoshlik munosabatlari yanada mustahkamlanadi

Bugungi kunda O’zbekiston va Turkiy kengash o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Sababi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlar qatori qardosh turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish borasida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari 2019 yilning 14 sentabr kuni “Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni imzoladi. 15 oktyabrda esa Baku shahrida bo‘lib o‘tgan tashkilotning yettinchi sammitida O’zbekiston ilk marotaba Turkiy tilli davlatlar sammitining to‘laqonli a’zosi sifatida ishtirok etdi.

O’tgan vaqt davomida O’zbekistonning mazkur kengashga qo‘shilishi turk dunyosi integratsiyasini yanada kuchaytirishga hissa qo‘shdi. Bizning fikrimizcha, turkiy tilli davlatlarning iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmini oshirish bo‘yicha qo‘yilgan aniq qadamlar muhim ko‘rinadi.

O’z navbatida, O’zbekiston tovar, kapital, xizmatlar va texnologiyalar harakatini hamda moliyaviy va bank operatsiyalarini liberallashtirish doirasida savdo va investitsiyalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar, soddalashtirilgan bojxona va tranzit tartib-taomillariga ega bo‘lmoqda. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 160 mln kishilik salohiyatli bozoriga ega bo‘lgan va umumiy savdo aylanmasi 560 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan Turkiy tilli davlatlar kengashi a’zolarining o‘zaro savdosi 8 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Bu esa O’zbekistonning yirik bozorlarga kirib borayotganini ko‘rsatadi.

Toshkentda Turkiy tilli davlatlar kengashiga a’zo mamlakatlar ishbilarmon doira vakillarining Investitsion forumi bo‘lib o‘tgani hammamizga yaxshi ma’lum. Unda 300 nafardan ortiq ishbilarmon doira vakillari qatnashdi. Qurilish materiallarini ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, neft va gaz, kimyo, avtomobil sanoati, to‘qimachilik, mashinasozlik, turizm, va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari O’zbekiston uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga aylandi.   

Shuningdek, O’zbekiston transport va tranzit sohalarida ham kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor. Integratsiyalashgan transport aloqalari tarmog‘ini yaratish jahon va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqishni ta’minlaydi. Bu “Shimol-Janub” va “Sharq-G’arb” xalqaro transport yo‘laklariga, Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan avtomobil, temir yo‘l va havo yo‘nalishlariga taalluqlidir.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 31 mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitda ishtirok etib, unda muhim tashabbuslarni ilgari surgani yetakchi ekspertlar tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Zero, unda tashkilot doirasida iqtisodiyot, savdo, transport sohalaridagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, davlatimiz rahbari koronavirus pandemiya ta’sirida davom etayotgan global inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish yo‘lida kengashning yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Savdo, investitsiya, sanoat, transport aloqalarini tez fursatda tiklash va yangi sharoitlarda rivojlantirish, elektron tijorat hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ishbilarmon doiralar va hududlararo hamkorlik imkoniyatlaridan to‘liqroq foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi.

O’zaro iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, mintaqamizning transport va tranzit salohiyatini oshirish, Kengash doirasida Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturini qabul qilish, “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” maqomini olgan Xiva shahrida sentabr oyida YuNYeSKO bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusidagi xalqaro forumda hamjihatlikda ishtirok etish kabi takliflar faqat bugungi kun uchun emas, balki uzoq istiqbolga mo‘ljallangani bilan ahamiyatlidir.

Bular hali hammasi emas. Sammitda birgalikda yirik loyihalarni amalga oshirish masalasi o‘rtaga tashlangani va bu borada faoliyatni tashkil etish uchun Turkiy Kengashning o‘z Investitsiyaviy jamg‘armasi, Taraqqiyot bankini tashkil etish taklif etilgani shubhasiz, davlatlarning iqtisodiyoti rivojlanishiga turtki bo‘lish bilan birga, hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Xulosa o‘rnida aytganda, deputatlar O’zbekistonning Turkiy kengashda faol ishtirokini turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va kengaytirish jarayonlarining tabiiy ifodasi deb hisoblashadi. Mamlakatimizning Turkiy kengash faoliyatidagi ishtiroki sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, o‘zaro bojxona to‘siqlarini olib tashlashga yordam beradi. Bu bilan esa turk mamlakatlari tashqi bozorlarda samarali raqobatlasha oladilar.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik  

palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    370
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+