Ijtimoiy himoya: Amalga oshirilayotgan islohotlarda inson manfaatlari ustuvor

05.04.2021, 18:28

Ijtimoiy himoya: Amalga oshirilayotgan islohotlarda inson manfaatlari ustuvor

Ijtimoiy himoya — keng ma’noda mamlakat aholisini ijtimoiy va moddiy muhofaza qilinishini ta’minlaydigan hamda jamiyatda qaror topgan huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy chora-tadbirlar majmui. Boshqacha aytganda, davlat va jamiyatning yoshi, salomatligi, ijtimoiy ahvoli, tirikchilik vositalari bilan yetarli ta’minlanmagani tufayli ko‘makka muhtoj fuqarolar to‘g‘risidagi g‘amxo‘rligini anglatadi.

Rivojlangan demokratik jamiyatda ijtimoiy himoya vazifalarini davlat o‘z zimmasiga oladi. Aytish joizki, ushbu masala O’zbekistonda ham ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Ya’ni mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti barpo qilishda davlat tomonidan kuchli ijtimoiy himoya siyosati olib borilmoqda. Binobarin, kuchli ijtimoiy siyosat O’zbekiston taraqqiyotining yetakchi tamoyili hisoblanadi.

O’tgan yillar davomida bizda ijtimoiy himoyaning huquqiy asosi yaratildi va mustahkamlandi. Bu tamoyillar O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlanib, qabul qilingan qonunlarda o‘z aksini topdi. Mamlakatda daromad olishning kafolati yaratildi. Ishsizlik muammolari hal etilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Iqtisodiy taraqqiyot va qambag‘allikni qisqartirish hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari tashkil etilishi, qolaversa, Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish yechimini kutayotgan dolzarb  masala sifatida kun tartibiga olib chiqilgani bu boradagi islohotlar izchil davom ettirilayotganidan dalolat beradi. Zero, kambag‘allik ijtimoiy-iqtisodiy hodisa sifatida iqtisodiy  rivojlanish jarayonida moddiy va nomoddiy imtiyozlardan foydalanish hamda  daromadlarni taqsimlashdagi tengsizlikning oqibati sifatida izohlanadi. Insoniyat yangi ming yillikka qadam qo‘ygan yilda BMT tomonidan  qabul qilingan deklaratsiyada ham birinchi maqsad sifatida qashshoqlik va ochlikka barham berish bejizga qo‘yilmagan.

O’tgan yil sarhisobida mamlakatimizda ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etildi. Jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilar bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim orqali 527 ming kishining bandligi ta’minlandi. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 2 barobarga, ya’ni 1,2 mln. nafarga kengaydi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2016 yilga nisbatan budjetdan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi.

O’z-o‘zini band qilgan aholiga soliq imtiyozlarining berilishi, ko‘plab cheklovlarning bekor qilinishi natijasida 500 ming nafar insonning rasmiy bandligi ta’minlandi. Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun 300 mlrd. so‘m imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi.

Mehnat munosabatlariga oid qonunchilik takomillashdi. Jumladan, 2021 yil 20 yanvardan kuchga kirgan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonun amaldagi 3 ta qonun, Prezidentning 12 ta farmon va qarorlarida hamda Vazirlar Mahkamasining bandlik va mehnat bozorini tartibga solish, tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq masalalarga oid  qabul qilgan 40 dan ziyod me’yoriy hujjatlarida ko‘zda tutilgan huquqiy normalarni, tizimdagi so‘nggi islohotlarni, yangi moliyaviy mexanizmlarni o‘zida jamlagan.

“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunda ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Sababi, aksariyat ishsiz fuqarolar ma’lum bir kasbga ega emasdi. Bu esa ularga ishga joylashishda qiyinchilik tug‘dirardi. Ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, kasb-hunarga o‘qitishga davlat buyurtmasi kabi masalalar qator moddalarda ochib berildi.

Ishsizlik nafaqasi va kasb-hunarga o‘qitishda to‘lanadigan stipendiya miqdori 3,5 barobarga oshirildi. Shu o‘rinda fikrimizni yana bir qator raqamlar bilan boyitsak. Zero, samara taqqoslarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

2018 yilda respublika bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitilganlar soni bor yo‘g‘i 7 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilning shu davrigacha ular soni 70 mingtaga yetdi. Yil oxirigacha kasb-hunarga o‘qitilganlar soni 150 mingtaga oshishi kutilmoqda.

Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, joriy yil yanvar holatiga mehnat resurslari soni 19,1 mln. kishini tashkil etmoqda. (o‘tgan yilga nisbatan 0,7 foizga yoki 135,5 ming kishiga oshgan). 13,2 mln. kishi iqtisodiyotning turli tarmoqlarida band. 1,6 mln. kishi ishga muhtoj. Ya’ni ishsizlik darajasi 11,1 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 16-30 yoshgacha bo‘lganlar orasida 17,1 foizni, ayollar o‘rtasida esa 14,7 foizni tashkil qilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, xorijda vaqtinchalik mehnat qilayotganlar soni o‘rtacha 1,7 mlnkishini tashkil etadi.

E’tiborlisi, o‘tgan yillar ichida mehnat bozorida qator jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, xususan, ish bilan band bo‘lganlar soni 1,5 barobarga (8,8 mln.dan 13,5 mln.gacha), ish beruvchilar soni 4,5 barobar (203,2 mingdan 928,9 mingacha) oshdi.

Prezidentimizning 2017 yil 24 maydagi “O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ishsizlar va band bo‘lmagan aholi, birinchi navbatda, yoshlar, ayollar hamda nogironligi bor shaxslarni kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha sifatli xizmatlar ko‘rsatishni tashkillashtirish bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish, shuningdek, mehnat organlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktyabrdagi qarori asosida esa “O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil qilindi. Jismoniy va yuridik shaxslarga “Yagona darcha” tamoyili asosida xizmatlar ko‘rsatish boshlandi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 5 martdagi qaroriga binoan xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarga imtiyozli tarif bo‘yicha temiryo‘l va aviachiptalar sotilishi joriy etildi.

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatdan o‘tgan ishsiz shaxslarni, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan kasb-hunar ta’limi muassasalariga grantlar ajratilish mexanizmi, “Mikrokreditbank” ATB tomonidan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan hunarmandchilik, kasanachilik hamda ayollar tadbirkorligini mikrokreditlash tizimi joriy etildi. Vazirlik va tizim tashkilotlarining tuzilmasi bozor iqtisodiyoti tamoyillaridan kelib chiqib takomillashtirildi.

Yaponiyaning “Fuji Inter Study” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Ishga marhamat” monomarkazida “Yapon tili va kasbiy malaka” test markazi tashkil etildi. Ushbu testlarga tayyorlov kurslari yo‘lga qo‘yildi. BAAning “Tadbeer” rekruting markazi tomonidan bepul ingliz tiliga o‘qitish yo‘lga quyildi, kelgusida markaz Guliston shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida joylashtiriladi.

Rossiya Federatsiyasining Mehnat migrantlariga huquqiy ko‘maklashish xalqaro assotsiatsiyasi va Payvandchilik nazorati milliy Agentligi bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida payvandchilar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xitoyning “Petrochina Zhuo-Hua” (Dalyan) Petrochemical Co. Ltd. kompaniyasi bilan hamkorlikda “Uzbek-China Professional Training Center” o‘quv markazi tashkil qilindi, markazda bepul malaka oshirish o‘quv kurslariga payvandchilik yo‘nalishida o‘qituvchilar jalb qilindi.

Prezidentimizning 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham ayollar bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilab berildi va bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi. 

 Xullas, sanayversak, bunday o‘zgarish va yangiliklar ko‘p. Muhimi, ular bugun yurtimizda bu borada, ya’ni ijtimoiy himoya masalasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganidan, fuqarolar manfaati ustuvor ekanligidan dalolatdir.  

Mavluda XO’JAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    12119
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+