Qamashidagi mahalla xonadonlari urug‘lik bilan ta’minlanib, yetishtirilgan mahsulot sotib olinadi

05.04.2021, 19:38

Qamashidagi mahalla xonadonlari urug‘lik bilan ta’minlanib, yetishtirilgan mahsulot sotib olinadi

Qamashi tumanidagi “Sarkash” MFYda joriy yilning 1 aprelida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida” va “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunlar mazmun-mohiyatini aholiga  targ‘ib qilish bo‘yicha  uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston liberal demokratik partiyasi hamkorligida tashkil etilib, unda yangi qabul qilingan Qonunning ahamiyati, tomorqachilar, mahalliy Kengashlar, Vazirlar Mahkamasi hamda aloqador tashkilotlar majburiyatlari va vazifalari haqida fikr yuritildi.  

O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining birinchi o‘rinbosari G’ayrat Abdulhakimov mahalla ahli bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazib, “Sarkash” MFYda yashovchi 3 mingdan ortiq aholi qo‘lidagi 1400 gektar tomorqa yerlari uchun urug‘lik yetkazib berish hamda yetishtirilgan hosilni sotib olish masalalarini muhokama qildi. Aholi vakillarining ayni yoz paytida suv tanqisligi yuzaga kelishi, hosil qurib ketishi haqidagi fikrlariga javoban kredit asosida artezian quduqlar kovlanib, tomorqalarni muntazam suv bilan ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rilishi bildirildi. 

Tadbirda O`zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Arziqul Sherov so‘zga chiqib, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, qishloq joylarida issiqxonalarni ko‘paytirish, yetishtirilgan mahsulotlarni hamkor tashkilotlar ishtirokida xorijga chiqarish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

O`zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

axborot xizmati

  • Ko'rildi
    363
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+