Mahallada nima gaplar?

05.04.2021, 19:49

Mahallada nima gaplar?

Odamlar bugunidan rozi bo‘lib yashasagina ertasiga umid qila oladi. Bugun hududlarni obod qilish, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ularni yillar davomida qiynab kelayotgan muammolariga yechim izlash kabi harakatlar zamirida ham aslida ana shu maqsad yotadi.

 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Botir Mardayev Termiz shahridagi Alisher Navoiy mahallasidagi saylovchilar bilan uchrashdi. Mahalladagi 23-umumta’lim maktabida o‘tgan uchrashuvga kelgan fuqarolar ularni ancha yillardan beri qiynayotgan umumiy muammo — gaz, ichimlik suvi va elektr energiyasidagi uzilishlar bo‘yicha murojaat qilishdi. Bu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Termiz shahridagi gaz ta’minoti, suvoqova va elektr tarmoqlari korxonalari mas’ullari ham taklif etildi.

Mahalla hududidagi xonadonlar ilgari tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra, tabiiy gaz tanqis hududga kiritilib, tarmoqdan uzilgan. Endilikda fuqarolar yana qayta tabiiy gaz berilishi bo‘yicha murojaat qilishmoqda. Termiz shahar gaz ta’minoti filiali boshlig‘i Husniddin Berdimurodov fuqarolarga ushbu masala yuzasidan yuqori turuvchi tashkilotlarga xat bilan chiqilgani, respublikadan hudud uchun tabiiy gaz bo‘yicha qo‘shimcha limit ajratilgachgina, gaz berilishi mumkinligini tushuntirdi.

Albatta, mahalladagi xonadonlarning tabiiy gaz iste’moliga ehtiyoji yuqoriligi inobatga olinib, ushbu holat yuzasidan tegishli vazirlikka deputat so‘rovi chiqariladigan bo‘ldi.

Mahalla hududidagi 50 ga yaqin xonadonda ichimlik suvi tanqisligi mavjud. Termiz shahar “Suv ta’minoti” MChJ xodimi Abdukarim Xudoynazarov mazkur muammoni hal etish uchun artezian suv qudug‘i qazilishi lozimligi, bu bo‘yicha ishlar olib borilayotganini va quduq uchun mablag‘ ajratilishi bilan suv tanqisligi bo‘lmasligini aytib o‘tdi.

Hududda gaz bo‘lmaganiga yarasha elektr energiyasidagi uzluksiz uzilishlar kuzatilishi haqida ham aytib o‘tildi. Demak, buning ham sabablarini o‘rganish, transformator, elektr simyog‘ochlardagi kamchiliklarni o‘rganish taqozo etiladi.

Bundan tashqari, G.Samandarova ukasi qandli diabet bilan og‘rishini va uning davolanishi uchun yordam so‘radi. M.To‘rayeva esa xizmat davomida oyog‘i shikastlangan turmush o‘rtog‘iga kompensatsiya to‘lanmagani bo‘yicha murojaat qildi. Unga kerakli hujjatlar to‘planib, huquq tartibot idorasiga qay tartibda murojaat qilishi kerakligi tushuntirildi. Darvoqe, shu o‘rinda patronaj hamshiralar faoliyati samaradorligini oshirish masalasi ham murojaatlar davomida ko‘zga tashlanib qoldi.

Roziya Yahyoyeva hozir 83 yoshda. Salomatligini tiklash uchun dam olish maskaniga bepul yo‘llanma berilishida yordam so‘radi. Onaxonning murojaati ham imkon qadar ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Ko‘plab fuqarolar tomonidan ishga joylashishda, kredit olishda yordam so‘raldi. Albatta, ularning ham murojaatlari e’tiborsiz qoldirilmaydi. Gaz va ichimlik suvi bilan bog‘liq masalalar ham bir yechimga kelguniga qadar deputat nazorati ostiga olindi.

Yana bir gap. Mahalla ilgari Termiz tumaniga qarashli hudud bo‘lgan. 2020 yilda esa Termiz shahar tarkibiga kiritildi. Albatta, bu mahalla ahli uchun ham katta o‘zgarishlar bo‘lishiga bir ishora. O’tgan yili karantin sabab hududdagi muammolarni bartaraf etish bir muncha orqaga surilgandi, endilikda esa ularning yechimlariga kirishilmoqda Lekin, bugun “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tilayotgan bir paytda mahalla raisi ham shunga mos ravishda biroz faolroq bo‘lsa, xonadon egalari bilan yaqindan aloqa o‘rnatib, ularga ko‘maklashish uchun harakat qilsa, jonlansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Negaki, mahalla raisi shu kichik jamoaning boshi degani. Agar u boshqaruvni to‘g‘ri tashkil etib, odamlarni boshini biriktira olsa, kichik muammolar o‘z-o‘zidan hal etiladi. Faqat buning uchun birozgina ter to‘kish, islohotlardan orqada qolmasdan zamon bilan hamnafas yashash zarur xolos.

Shu o‘rinda bir mulohaza, o‘z huquqimizni yaxshi bilmasligimiz natijasida jabrdiyda bo‘lib, quruqdan-quruq o‘zimizni o‘qqa-cho‘qqa urganimiz bilan muammomiz hal bo‘lib qolmaydi. Axir jamiyatda qonun-qoidalar mavjud. Ayrimlarimiz esa huquqimizni talab qilishni bilamizu fuqarolik burchlarimizni unutib qo‘yyamiz. Yoki bo‘lmasa, oddiygina jamoatchilik nazoratini olaylik. Aslida har birimiz ana shu jamoatning bir bo‘lagi bo‘lganimiz uchun ham nazoratni qo‘limizga olishimiz lozim. Birov yo‘lsozlar yoki homiylar tomonidan ko‘chaga to‘kilgan toshni uyiga tashmalasa ham, yo bir maktabning mulkiga zarar yetkazsa ham indamay o‘tib ketaverish emas, balki uni o‘zimiz nazorat qilib, bundan qaytarishni o‘rganmog‘imiz zarur. Buning uchun esa avvalo, o‘zimizni o‘zimiz nazorat qila olishimiz, “Mening fuqarolik pozitsiyam qanday bo‘lishi kerak?” degan savolga javob topib olishimiz kerak. Shundagina jamiyatda ko‘plab illatlarning ildizi qirqiladi, shundagina odamlar qonunlarni mensimaslikdan, ularni buzishdan tiyila boshlaydi.

Feruza Umidullayeva,

O’zLiDeP Surxondaryo

viloyat kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    105
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+