Bosh maqsad – tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, biznes vakillari bilan yelkama-elka ishlash

10.04.2021, 23:21

Bosh maqsad – tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, biznes vakillari bilan yelkama-elka ishlash

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur sharoitlar yaratish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Zero, tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi, yangi ish o‘rinlari tashkil etib, aholi bandligini ta’minlaydi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor, biznes sub’ektlariga berilayotgan imtiyoz va yengilliklar sababli bu tarmoq o‘zining iqtisodiyotimizdagi o‘ta muhim va salmoqli hissasi bilan davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotida tobora muhim o‘rin egallamoqda. Ushbu sohada hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida minglab oilalarga baraka kiryapti, yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilyapti.

Tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosi bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab 8 aprel o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari bu masalaga alohida to‘xtalib, endi tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha juda qattiq nazorat o‘rnatilishini bildirdi.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki tadbirkor bola-chaqasidan qiyib, to‘plagan mol-mulki, pulini yangi ish ochishga sarflaydi. Yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, kecha-kunduz jonini berib ishlaydi, nafaqat o‘zini, oilasini, balki el-yurtini ham boqadi. Tadbirkorlik rivojlansa, jamiyatda o‘zgarish, rivojlanish bo‘ladi, odamlar hayotdan ko‘ngli to‘lib, ruhi ko‘tarilib, yangi-yangi marralarga intiladi.

2020 yilda kichik biznes sub’ektlariga 120 trillion so‘mlik kredit va moliyaviy yordamlar ajratilishi natijasida pandemiyadan zarar ko‘rgan 104 mingdan ortiq korxona faoliyati tiklanib, xususiy korxonalar pul aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga, tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlar esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga o‘sdi.

Lekin berilgan imkoniyatlar, yaratilgan shart-sharoitlarga qaramay viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari bu masalaga jiddiy e’tibor qaratmayapti. Yig‘ilishda bu borada aniq vazifalar belgilab berilib, yer, infratuzilma, kredit kabi eng muhim masalalarni hal etish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bundan buyon tuman va shahar hokimlari sektor rahbarlari kichik tadbirkorlar bilan kuniga 3 marta o‘z sektorida uchrashishi joylarda to‘planib qolgan qator muammolarni ijobiy hal etishda yaxshi samara beradi.

Bugun O‘zbekistonda mahalla tizimiga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi. Bu esa aholi bilan bevosita ishlashning eng samarali va an’anaviy mexanizmidir. Mahallabay ishlash tizimi murakkab jarayon bo‘lishiga qaramasdan, unda har bir insonning dardini tinglash, uning qismatini tubdan o‘zgartirish, jamiyat taraqqiyotini iqtisodiy o‘sishlar bilangina emas, balki aholining o‘z hayotidan mamnunligi bilan o‘lchash kabi mezonlar mavjud.

Yig‘ilishda “mahallabay” ishlash doirasida banklar tomonidan tadbirkorlik rivojlanmagani bois “qizil” hudud deb belgilangan 858 ta mahallada “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, ular bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari tasdiqlangani aytildiki, bu mahalladagi mavjud muammolar va aholining kundalik masalalarini hal etishga tashlangan dadil qadamdir.

Prezidentimiz “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kirgan aholi bandligini ta’minlash uchun o‘zi yashaydigan mahallada sharoit yaratib berish zarurligini ta’kidlarkan, mas’uliyatni ikki karra ko‘paytirmasak, “daftarlar” yopilmay qolishini bildirdi. Viloyat, tuman va shahar hokimlariga 1,5 mingta mahallaga xususiy sheriklik asosida bino qurib berish bo‘yicha tashabbuskorlarni aniqlab, loyihalarni boshlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasini xatlovdan o‘tkazib, tikuvchilik, maishiy texnika, poyabzal ta’mirlash va kompyuter xizmatlari kabi faoliyat turlari uchun ajratib berishni boshlash, buning uchun hukumat yerto‘lalardan foydalanishdagi cheklovlarni qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qilishi aytildiki, bu mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar faqat aholi bandligini ta’minlash, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilganini amalda to‘liq namoyon etdi.

Joriy yilda sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlashga 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi, yil yakuniga qadar 168 ta mavjud va yangi sanoat zonasini 468 kilometr elektr, 362 kilometr gaz, 405 kilometr suv va 104 kilometr yo‘l bilan ta’minlanishi ham biznes vakillari uchun katta rag‘bat va imkoniyat bo‘ldi. Chunki tadbirkorlarda energiya ta’minoti va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligi kerak. Infratuzilmadagi muammolar tufayli respublika bo‘yicha 320 ta tadbirkor so‘nggi 2 yilda import qilgan 220 million dollarlik asbob-uskunalarini ishga tushira olmagan. Shu bois, joriy yilda tadbirkorlarning elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarini hal qilish uchun 560 milliard, muammosi mavjud sanoat zonalarini aniqlab, ularda elektr ta’minotini yaxshilashga qo‘shimcha 300 milliard so‘m ssuda ajratilishi belgilandi.

Yig‘ilishda Eksportni rag‘batlantirish agentligining 1 trillion so‘mi hisobidan banklarga uzoq muddatli resurs ajratib, eksportyorlarga aylanma mablag‘ uchun “revolver” kreditlar berishni boshlash, tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha mexanizmlarini kengaytirish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berilgani odamlarni tadbirkor qilish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Tadbirkorlik uchun yer va binolar ajratish masalasi muhokama qilinarkan, aholi bandligini ta’minlash uchun ularga o‘zi yashaydigan mahallada sharoit yaratib berish, jumladan, mahalla idoralari binosida tadbirkorlik loyihalarini ishga tushirish yoki xususiy sheriklik asosida bino qurib, birgalikda foydalanish mumkinligi, zamonaviy konstruksiyalardan ko‘chma shoxobchalar qurish ham qulay va arzonligi ta’kidlandi. Bu borada mutasaddi tashkilotlarga yengil konstruksiyali savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish, ularni auksion orqali joylashtirish tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida uch yil davomida soliqlarni o‘z vaqtida to‘lagan intizomli tadbirkorlarga soliqlarning 50 foizini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqini berish tartibi ishlab chiqilishi esa davlatimiz hech bir tadbirkorni o‘z muammosi bilan yolg‘iz qoldirmasligini yaqqol tasdig‘idir.

Tadbirkorlik rivoji bandlik masalasi bilan bog‘liq. Shu sababli joriy yilda bandlik dasturi asosida 457 mingta doimiy yangi ish o‘rni tashkil etish maqsad qilingan. Xususan, kichik va o‘rta biznes korxonalari hamda yangi yakka tadbirkorlar faoliyatini tashkil etish hisobiga 210 mingta, tarmoq va hududiy investitsiya loyihalari hisobiga 248 mingta yangi ish o‘rni ochish mo‘ljallangan. Bunday ezgu maqsadlar uchun 92 milliard so‘m subsidiya ajratilishi esa 40 ming nafar ishsiz fuqarolarni ishli bo‘lishiga zamin yaratadi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bu tashabbuslarni to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi va xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash hisobiga aholi bandligini ta’minlash hamda fuqarolar oilaviy budjeti daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratadi. Mavjud muammolarni o‘rganish, tadbirkorlik rivojiga xalaqit berayotgan to‘siqlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, yurtimizda faol tadbirkorlar safini kengaytirishga astoydil harakat qiladi.

Inchinun, bir tomondan yangi ish o‘rinlarini yaratish, borasidagi sa’y-harakatlar bilan ushbu qatlam nafaqat o‘z oilasi, balki jamiyat farovonligini ta’minlashda asosiy rolni o‘ynasa, ikkinchi tomondan, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish orqali dunyo bozoriga chiqish, innovatsion ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali O‘zbekiston iqtisodiyotini innovatsion yo‘lga, raqamli iqtisodiyot yo‘liga o‘tishida ham aynan shu qatlam lokomotiv rolini o‘ynaydi.

Xulosa o‘rnida aytganda, har bir oilaning biznes bilan shug‘ullanishi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun O‘zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi bor kuch va salohiyatini safarbar etadi. Joylarda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘ygan holda, ularni qiynayotgan masalalarni hal etadi, ularga yaqin do‘st bo‘lib, biznes vakillari bilan yelkama-elka ishlaydi. Zotan, iqtisodiy taraqqiyotni tadbirkorlarning faoliyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    805
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+