Yoshlarimiz davlat g‘amxo‘rligini his qilishlari kerak

14.04.2021, 12:19

Yoshlarimiz davlat g‘amxo‘rligini his qilishlari kerak

Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xalqimizning turmush farovonligini oshirish, ayniqsa yoshlarning kundalik hayotidagi muammolarni hal etish, shuningdek 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash yuzasidan amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar muammolarini bartaraf etishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida 1 iyuldan boshlab “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga va Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarga haydovchilik guvohnomalari olish, bir oylik harbiy xizmatni o‘tash harajatlari budjetdan to‘lab berilishi belgilandi.

Shuningdek “Yoshlar daftari”ga kirganlarga qiziqishidan kelib chiqib, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish harajatlarining bir qismi qoplanishi, shu bilan birga, 1 iyuldan boshlab xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarni qayta tayyorlash harajatlarini 1 million so‘mgacha bo‘lgan qismiga subsidiya berilishi, yoshlarning professional ta’lim maktablari, texnikumlarda o‘qishi uchun to‘lanadigan kontrakt summasi daromad solig‘idan ozod qilinishi, “Yoshlar daftari”ga kirgan va dehqonchilik qilayotgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xaridi uchun 2 million so‘mgacha subsidiya berilishi alohida ta’kidlandi.

Subsidiyalar berishning ochiq-oshkoraligini ta’minlash maqsadida “elektron platforma”ni ishga tushirish, viloyat, tuman (shahar) moliya bo‘limi boshliqlari o‘zi yurib, mahallabay yoshlar bilan uchrashib, byurokratiya va korrupsiyasiz subsidiya ajratishga shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qo‘yildi.

Farzandlari oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan ota-onalarimiz, shuningdek talabalarimizni quvontiradigan yangiliklardan biri sifatida ijarada yashayotgan talabalarga joriy yilning 1 mayidan boshlab ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab berilishini keltirishimiz mumkin. Dastlabki bosqichda ushbu tizim orqali 60 ming nafar yoshlar qamrab olinadi. Shu bilan birga, ehtiyojmand talabalarga ushbu xarajatlar hokimliklar va oliygohlar mablag‘i hisobidan ham qoplab beriladi. Ushbu maqsadlar uchun davlat budjetidan 100 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yoshlarga berilayotgan bunday imtiyozlarning manzilli bo‘lishida, o‘z egasiga aniq yetib borishida, bunda ijtimoiy adolat prinsiplari buzilmasligini ta’minlashda xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi deputatlarimiz ham o‘z saylov okruglari doirasida nazoratni o‘z qo‘llariga olishlari lozim. Toki davlatimizning bunday g‘amxo‘rligini, olib borilayotgan islohotlarning zamirida inson omili, ayniqsa yoshlarga e’tibor va pirovardida yoshlardan davlatimizning umidi kattaligini har bir yosh o‘z hayoti va faoliyatida yurakdan his etishlariga erishishimiz lozim.

         Zafar XUDAYBERDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    357
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+