Tomorqadan baraka topayotgan chiroqchilik ayollar

15.04.2021, 09:42

Tomorqadan baraka topayotgan chiroqchilik ayollar

O`zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi ”Ayollar qanoti” va Chiroqchi tuman Kengashi tomonidan O’zbekiston Respublikasining “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi  Qonun mazmun-mohiyati targ‘ibot qilindi. “Namunali tomorqachi” loyihasi doirasida tashkil etilgan ochiq muloqotda tajribali tomorqachilar tomonidan mahorat darsi ham o‘tkazildi.

Unda tumandagi “Pakandi”  va “Dam” MFYda  tomorqachilik va fermerlik yo‘nalishiga qiziqishi bor xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etishdi. Mahalla faollari va deputatlar  aholi tomorqalarini o‘rganishdi hamda tajribali tomorqachilar Barno Shoyimova, Roziya Yallayeva va O’ktam Yallayevlar xonadonlarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.

-3 sotixli issiqxonamda limon ko‘chatlari  ekkanman, - deydi Dam qishlog‘ida yashovchi tajribali tomorqachi Roziya Yallayeva. -  Limonning o‘zidan olayotgan yillik daromadim  10-15 million so‘mni tashkil etmoqda.

Tomorqaning qolgan qismiga 40 tup anor va 20 tup xurmo  daraxti ekkanman. Shuningdek, turli xil gullar ekib parvarishlashni ham yaxshi ko‘raman. Tomorqadan kelayotgan daromadni yaxshi kunlarga ishlatayapman.

Pakandi MFYda istiqomat qiluvchi  tajribali tomorqachi Barno Shoyimova esa oddiy qoplarda kartoshka ekib, har bir qopdan 12-15 kilogrammdan hosil olayotgani ko‘pchilikni qiziqtirib qoldi.  Hovlining bir qarich yeri ham bo‘sh qolmagani esa uni mehnatsevarligidan dalolat berib turibdi.  Tomorqada ekilgan pomidor, bodring, turli xil ziravorlarni ko‘rib ko‘z quvnaydi. Yana bir namunali xonadon egasi O’ktam Yallayev o‘z tomorqasida pomidor, baqlajon, bodring, bulg‘or qalampiri, garmdori va boshqa ko‘plab sabzavot va poliz mahsulotlari nihollarini yetishtirib,  nafaqat qo‘ni-qo‘shnilarini, balki Chiroqchi bozoriga chiqarib, aholini nihol bilan ta’minlab kelmoqda.

Tadbir tashkilotlari mahalla xonadonlarini o‘rganish jarayonida “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida” gi Qonunda tomorqa xo‘jaligi shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida mehnat faoliyati erkinligi, tomorqa xo‘jaligi tadbirkorlik faoliyati hisoblanmasligi va aynan shuning uchun ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmasligi, tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun ajratilgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasi egasining va oila a’zolarining shaxsiy mehnatigagina asoslanishi haqida tushuntirish ishlarini olib bordilar.

Gulbahor Turayeva,

O`zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni

va mavqiyeni oshirish bo‘limi mudiri.

  • Ko'rildi
    429
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+