“Aravani quruq olib qochish” vaqti o‘tdi, endi chinakamiga ishlash kerak...

15.04.2021, 10:16

“Aravani quruq olib qochish” vaqti o‘tdi, endi chinakamiga ishlash kerak...

Yurtimizda davom etayotgan yangilanishlar shu qadar shiddatliki, undan orqada qolish yoki “aravani quriq olib qochish” bilan hech qanday muddaoga erishib bo‘lmaydi. Faqat chinakamiga ishlab, haqiqiy fidoyilik namunalarini ko‘rsatish orqali yuqori natijalarga erishish mumkin. Har qanday dastur yoki zimmadagi vazifalarni yoshlar masalalarini hal etmasdan turib to‘laqonli uddalab bo‘lmaydi. Yoshlarga e’tiborsizlik qilingan joyda ish ketmaydi, muammolar ko‘payib boraveradi. Buni hayotning o‘zi taqazo etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu xususda fikr yuritilib, ayrim rahbarlarning yoshlar masalalariga e’tibori, hali ham talab darajasida emasligini tanqid ostiga olindi, kelgusida yoshlarga yaratilayotgan imtiyozlar xususida so‘z bordi.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha 120 ta IT-markazini 4 mingga yaqin «Yoshlar daftari»ga kirganlar tamomlagan. Bunday yoshlarni kelgusida biznes boshlashi uchun kompyuterlar bilan ta’minlab berish zarurligi ta’kidandi. Buning uchun, «bir million dasturchi» loyihasi doirasida sertifikat olgan yoshlarga kompyuterlar xaridi uchun «Mikrokreditbank», «Aloqabank» va «Xalq banki» tomonidan kreditlar ajratiladi, ularning foiz xarajatlari to‘liq budjetdan qoplab berilishi aytib o‘tildi.

«Yoshlar daftari»ga kirganlarga, qiziqishidan kelib chiqib, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatining bir qismi qoplanadi. Shu bilan birga, 1 iyuldan boshlab xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarni qayta tayyorlash xarajatining 1 million so‘mgacha bo‘lgan qismiga subsidiya beriladi. Bundan tashqari, yoshlarning professional ta’lim maktablari, texnikumlarda o‘qishi uchun to‘lanadigan kontrakt summasi daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Davlatimiz rahbari ushbu maqsadlar uchun yil davomida qo‘shimcha 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ta’kidlar ekan, barcha bo‘g‘indagi rahbarlarni, hokimlarni yurtimiz kelajagi, ertasi bo‘lmish yosh avlod taqdiriga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

Binobarin, biz Yangi O’zbekistonni barpo qilishga bel bog‘lagan ekanmiz, uning yaratuvchisi va ijodkori yoshlarimiz ekanini unutmasligimiz lozim. Biz deputatlar ham chin ma’nodagi haqiqiy fidoyiligimiz va jonkuyarligimiz bilan O’zbekistonda davom etayotgan yangilanishlarning oldingi saflarida bo‘lishimiz lozim.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    348
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+