Yoshlarga ko‘plab imkoniyat va qulayliklar berildi

15.04.2021, 11:04

Yoshlarga ko‘plab imkoniyat va qulayliklar berildi

Yangi O’zbekiston yoshlari — mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan jadal va keng ko‘lamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisi bo‘lib maydonga chiqmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar o‘z bilim va salohiyatini namoyon etishlari uchun zamon talablaridan kelib chiqib, yangi-yangi tashabbuslar, izchil chora-tadbirlar hayotga tatbiq qilib kelinmoqda.

Joriy yilning 13 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bandligini ta’minlash va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Zamonga munosib bo‘lib ishlash kerak – davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yoshlar masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini ushbu so‘zlar bilan boshladi.

Yig‘ilishda davlat rahbari ko‘pchilik quyi bo‘g‘indagi rahbarlar masala mohiyatini tushunmayotgani, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha natijalardan mutlaqo norozi ekanini qayd etib o‘tdi. Belgilangan vazifalar ijrosi, vazirlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari yoshlarga oid ishlarni qanday tashkil etgani ko‘rib chiqildi.

Videoselektorda yoshlarimizga yana ko‘plab imkoniyat va qulayliklar yaratish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Jumladan, Respublika bo‘yicha 120 ta IT-markazini 4 mingga yaqin “Yoshlar daftari”ga kirganlar tamomlagan. Bunday yoshlarni kelgusida biznes boshlashi uchun kompyuterlar bilan ta’minlash maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida sertifikat olgan yoshlarga kompyuterlar xaridi uchun Mikrokreditbank, Aloqabank va Xalq banki kreditlar ajratadi, ularning foiz xarajatlari to‘liq budjetdan qoplab beriladi. Ya’ni, kredit foizsiz beriladi.

Shuningdek, joriy yilning 1 iyun kunidan boshlab “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish, bir oylik harbiy xizmatni o‘tash xarajatlari budjetdan to‘lab beriladi. “Yoshlar daftari”ga kirganlarga, qiziqishidan kelib chiqib, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatining bir qismi qoplanadi.

Yoshlarga berilayotgan bu kabi imkoniyatlar ularning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda muhim omil bo‘ladi.

Yig‘ilishda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi mexanizm joriy etish vazifasi qo‘yildi. Bu tizimda xalqqa ham, tashkilotlarga ham ma’qul bo‘ladigan bir qancha imtiyozlar belgilandi.

Ya’ni, joriy yilning 1 iyundan boshlab, “yoshlar daftari”ga kirgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot o‘taganda, ularga 500 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Shuningdek, birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazi bitiruvchilari 6 oygacha daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsizlar bandligini ta’minlagan tadbirkorlarga 1 maydan boshlab davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz beriladi. Ijaraga bino olib, o‘z biznesini boshlayotgan yoshlarga, bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab beriladi, xodimlari sonining kamida 70 foizi “yoshlar daftari”ga kirgan yosh tadbirkorlarga davlat mulki auksionsiz beriladi va ulardan 5 yil davomida ijara haqi undirilmaydi.

Videoselektorda shuningdek, har bir mahalla va xonadonni sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish uchun malakali o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Buning uchun sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning davomi sifatida joriy yilda qo‘shimcha 20 minggacha o‘rta tibbiyot va ijtimoiy xodimlar shtatini tashkil etish hisobiga minglab yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishi belgilandi.

Shuningdek, yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini yaxshilash va rektorlarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish borasida ham davlatimiz rahbari tomonidan qator tashabbuslar ilgari surildi. Mahallabay, xonadonbay ishlash lozimligi, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish borasida, yoshlar jinoyatchiligini jilovlash borasida aniq vazifalarni belgilab berdi.

Yuqorida belgilab berilgan tashabbuslarni joylarda, eng chekka hududlarda ham to‘laqonli ijro etilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari faol ishtirok etib, parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatamiz.

Abdulla ASLONOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    2802
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Kamoliddin2022-05-31 12:54:36

imtiyozli kreditlarni qayerdan olsa boladi


Ismanjonov Donyorbek2021-06-16 01:36:41

Assalamu alaykum Men tumanimzdagi Xalq banki filyaliga Yangi kompyuter uchun Kredit olish uchun bordim . Bir million dasturchi loyihasi bitiruvchilarga kompyuterlar xaridi uchun foizsiz kreditlar beriladi foizsizni davlat bujetdan to'laydi Degan qarorni aytsam ular bunday qarorni bilmasligini buning urniga faqatgina 14% imtiyozli Kredit bera olishlarini aytishdi. Qancha tushuntrmay tushunishmadi umman olganda xech qayerda bubturdagi Kreditni to'g'ri olish tõgrisida ma'lumot topa olmadim . Mumkun bo'lsa shu to'g'risida menga tushuncha va qanday qilib to'g'ri olish tushuntarsangizlar


Fikringizni qoldiring

+