“Bog‘bon” agrokompleksida tashkil qilingan “In vitro” laboratoriyasi faoliyati bilan tanishildi

15.04.2021, 16:50

“Bog‘bon” agrokompleksida tashkil qilingan “In vitro” laboratoriyasi faoliyati bilan tanishildi

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida faoliyat boshlagan “Bog‘bon” agrokompleksida tashkil qilingan «In vitro» laboratoriyasida O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, Agrar universitetining Samarqand filiali, Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uyushmasi, Bog‘bonlar maktabi mutaxassislari, agrar sohada tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar, mutaxassislar, tajribali dehqonlar va bog‘bonlar bilan muloqot tashkil etildi.

Mazkur muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O`zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbirda Bog‘bonlar maktabi, «In vitro» laboratoriyasi, tuproq tahlili laboratoriyalari faoliyati yuzasidan axborot berildi.

Hozirda ushbu laboratoriyada mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari vegetativ usulda zamonaviy texnologiyalar asosida yetishtirilmoqda. Umumiy qiymati 2,5 million AQSh dollari bo‘lgan loyihaning amalga oshirilishi natijasida shu paytgacha xorijdan olib kelingan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari mahalliy sharoitda tayyorlanmoqda. Laboratoriyaning ishga tushirilishi 80 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga zamin yaratdi.

- Faoliyatimizni boshlagan davrda xorijdan olib kelingan ko‘chatlarimizning har bir donasining tannarxi 5 dollardan 20 dollargacha yetgan, - deydi «In vitro» laboratoriyasi rahbari Ilyos Haydarov. – Ayni paytda biz yetishtirayotgan ko‘chatlar 3-3,5 dollar qiymatga ega bo‘lmoqda. Eng muhimi, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish niyatida kelgan xaridorlarning samarali faoliyat yuritishlari uchun ularning tuproq sharoitini o‘rganib, yerga mos ko‘chatlarni tavsiya qilamiz. Buning uchun tuproq tashxislash laboratoriyamiz ham tashkil qilingan.

Laboratoriyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 milliondan 20 million donagacha payvandtag, payvandlangan ko‘chatlar yetishtirish imkonini beradi. Ayni paytda qo‘shni Turkmaniston, Afg‘oniston, Qirg‘iz Respublikalaridan buyurtmalar kelib tushmoqda. 2023 yildan laboratoriyada yetishtirilgan ko‘chatlar eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda O`zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov davlatimiz rahbari raisligida shu yil 13 aprel kuni o‘tkazilgan Yoshlar masalalariga bag‘ishlangan majlisida yoshlarni yerdan daromadga kirishgacha bo‘lgan davrda “ustoz – shogird” tizimini joriy qilib, fermer, klaster hamda sektor rahbarlari yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatishi zarurligi ta’kidlanganligi, bu borada respublika bo‘yicha 21 ta tumanda 2 mingdan 4,5 ming nafargacha yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratilganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu belgilab berilgan topshiriqlar, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuskorligini oshirish, bog‘dorchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish bo‘yicha fikr mulohazalar va takliflarni bildirib o‘tdi.

O`zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

matbuot xizmati.

  • Ko'rildi
    2608
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Azizbek 2022-03-09 08:37:43

Bog‘bon agrokompleksini telefon raqamlari kerak edi qanaqib topsam bo‘ladi


Dilshod2021-09-17 19:58:54

Oʻrganmoqcjiman


Dilshod2021-09-17 19:57:58

In vitro usilida kichik labaratroya yaratish Qayerda oʻrgansam boʻladi


Fikringizni qoldiring

+