Ertasini o‘ylagan mamlakat yoshlarini e’tiborsiz qoldirmaydi

16.04.2021, 09:45

Ertasini o‘ylagan mamlakat yoshlarini e’tiborsiz qoldirmaydi

Yoshlikda olingan bilim, o‘rganilgan ko‘nikma, orttirilgan tajriba insonning butun hayotiga tatiydi. Ayni shu davrda yigit-qizlarga to‘g‘ri yo‘nalish berish, ta’lim olishi, o‘z ishini boshlashiga ko‘maklashish nihoyatda muhim sanaladi. Davlatimiz rahbari yurtimizda yashovchi har bir yoshning kelajagi va taqdiri uchun jon kuydirib, yuksak e’tibor qaratayotgani boisi ham shunda.

Mamlakatimizda yoshlarga nafaqat ertangi o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan, bunyodkorlik g‘oyalarini hayotga tatbiq etadigan muhim kuch, balki vatanimizning bebaho boyligi, jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayanchi sifatida qaraladi. So‘nggi yillarda yosh avlod vakillari tarbiyasi, ta’limi, bandligi masalalariga qaratilayotgan katta e’tibor buning yorqin isbotidir.

Joriy yilning 13 aprel kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari yana bir bor ushbu masalani o‘rtaga tashladi.

Unda ishsiz yoshlarni kasb va tadbirkorlikka o‘qitish, mablag‘ bilan ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, xususan, joriy yilning uch oyida respublika bo‘yicha 21 ming nafar yosh tadbirkorlikka o‘qitilgani, Toshkent shahrida atigi mingta, Namanganda esa 1 100 ta sertifikat berilgani, Buxoroda bor-yo‘g‘i 216 nafar yosh kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgani qayd etildiki, bu ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini yanada oshirish, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali biznesini boshlashiga faolroq ko‘maklashish zarurligini anglatadi.

So‘nggi yillarda yangi O’zbekistonda yoshlarga munosabat butunlay o‘zgarib, ularga doir davlat siyosati asosida yosh avlodning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularning ezgu orzu-intilishlari, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar zamon bilan hamnafas takomillashib bormoqda.

O’tgan qisqa vaqt ichida bu borada salmoqli ishlar qilinib, yigit-qizlarga dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, bog‘dorchilik va tadbirkorlikning boshqa turlari bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratilishi natijasida mamlakatimiz bo‘yicha “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 648 ming nafar ishsizlarning 283 mingining bandligi ta’minlandi. Xususan, 175 ming nafar yoshga 45 ming gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lsa, 76 ming nafar yosh doimiy va jamoat ishlariga joylashtirildi, 33 ming nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyati uchun 800 milliard so‘m kredit, 6 ming nafariga subsidiya berilib, bandligiga ko‘maklashildi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida 36 mingta qo‘shimcha to‘garak tashkil etilib, 874 mingga yaqin o‘g‘il-qiz jalb etilgani, shuningdek, “Besh muhim tashabbus” doirasida ta’lim muassasalari, kutubxona va o‘quv markazlariga 97 mingta san’at va sport inventari, kompyuterlar, 562 mingta badiiy kitob yetkazib berilgani ham yoshlarning qalbida yanada jo‘shqin kayfiyat, g‘ayrat va shijoat uyg‘otdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo bular hali yetarli emas. Oldimizda mamlakatimizning har bir yosh fuqarosini rozi qilish, ularning tadbirkorligi uchun sharoitlar yaratib berishdek ulkan vazifa turganini barchamiz anglashimiz lozim.

Davlatimiz rahbari yoshlarga oid davlat siyosati ijrosini tashkil etishda avvalo, yoshlar bandligini ta’minlash va ularga munosib daromad olishi uchun sharoit yaratib berish eng muhim vazifa hisoblanishini ta’kidladi. Mutasaddilarga yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi mexanizm joriy etish vazifasi qo‘yildi. Bu tizimda xalqqa ham, tashkilotlarga ham ma’qul bo‘ladigan bir qancha imtiyozlar belgilanadi.

Jumladan, joriy yil 1 maydan boshlab, yoshlarga tadbirkorlik faoliyatiga kerakli asbob-uskunalarni xarid qilish uchun 10 million so‘mgacha subsidiyalar, ijaraga bino olib, o‘z biznesini boshlayotgan yoshlarga bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab berilishi yangi O’zbekistonda yoshlarga davlat siyosati darajasida ko‘rsatilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik va rag‘batning yana bir yuksak namunasidir.

“Yoshlar daftari”ga kirgan va IT markazini tamomlagan yoshlarni biznes boshlashi uchun “1 million dasturchi” loyihasi doirasida sertifikat olgan yigit-qizlarga kompyuterlar xaridi uchun kreditlar ajratilib, ularning foiz xarajatlari to‘liq budjetdan qoplab berilishi ham ayni muddao bo‘ldi. Endi ular o‘z ish joyiga ega bo‘lib, oilasi daromadi va yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.

Yoshlar bandligini ta’minlashdagi yana bir muhim yo‘nalish — qishloq xo‘jaligi. Bugungi kunda respublika bo‘yicha 21 ta tumanda 2 mingdan 4,5 ming nafargacha yoshga dehqonchilik uchun yer ajratilgan. Amudaryo va Baliqchida 4 ming nafardan ziyod, Mingbuloq, Yangiyo‘l, Shahrixonda 3 mingdan, Do‘stlik, Bekobod, Bog‘ot tumanlarida 2,5 mingdan ortiq yoshga yer berilgan. Lekin 20 ta tumanda bu ko‘rsatkich 300 nafarga ham yetmaydi. Demak, hozirgi davr bu borada o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rishni taqozo etmoqda. Endilikda, bu sohada ham aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar daftari”ga kirganlarga urug‘lik va ko‘chatlar xaridi uchun 2 million so‘mgacha subsidiya beriladi.

Qishloqdagi yoshlarga ajratilgan yerlarni o‘zlashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish va ularni yerdan daromad olishga o‘rgatish hokimlar, sektor va klaster rahbarlari zimmasiga yuklatildiki, bu borada xalq vakillari sifatida deputatlar ham zarur chora-tadbirlarni ko‘radi va ayni shu masala ularning doimiy diqqat markazida bo‘lib qoladi. Qolaversa, yoshlarni yerdan daromadga kirishgacha bo‘lgan davrda “ustoz–shogird” tizimini joriy qilib, yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatish, quduqlar qazib, zaxira yerlarni yoshlarga foydalanish uchun berish, tomorqada limonchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik qilishlari uchun kreditlar ajratishda mutasaddilar ularga eng yaqin ko‘makchi bo‘lishi lozim.

Jarayonda sektor rahbarlari, deputatlar mahallama-mahalla, xonadonma-xonadon yurib, ishsiz yoshlar bilan doimiy ravishda muloqot olib borishi zarur. Yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari ochish, ularning halol mehnat qilib, daromad topishi uchun avvalo, ular o‘rtasida tadbirkorlikni keng rivojlantirish, yigit-qizlarga yer ajratib, ekin-tekin qilishlariga imkoniyatlar yaratish g‘oyat muhimdir.

Yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ko‘lami o‘ta zalvorli. Endilikda biz deputatlar yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash, ular uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim ustuvorligi sifatida ishsizlik darajasini qisqartirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratamiz. Chunki bugun 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz ekani bu borada yaqin va kelajakda emas, hozirdanoq zarur choralarni ko‘rishni taqozo etadi. 

Bu borada biz xalq vakillari joylardagi ijro hokimiyati organlari va iqtisodiy kompleksning hududiy organlarining yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha maqsadli va tizimli ishlarni olib borish, tadbirkorlik sub’ektlariga faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishda asosiy omil sifatida ishsiz aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish borasidagi  faoliyati ustidan ta’sirchan parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatamiz.

Bundan buyon bu sohada aniq tizim asosida ish olib borilmasa, jamiyatda, yoshlar hayotida o‘zgarish bo‘lmaydi. Shunday ekan, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish barcha bo‘g‘indagi davlat organlari rahbarlarining doimiy ishiga aylanishi zarur.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    424
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+