Fuqarolarga pensiya boʻlimlariga kelmasdan, pensiya tayinlash imkoniyati yaratiladi

07.05.2021, 08:50

Fuqarolarga pensiya boʻlimlariga kelmasdan, pensiya tayinlash imkoniyati yaratiladi

Fuqarolarimiz uzoq yillik mehnatlaridan soʻng pensiyaga chiqish arafasida yugur-yugur qilib, hujjat toʻplay boshlaydi. Tabiiyki, bu paytda mehnat faoliyati davomida nechta tashkilotda ishlagan boʻlsa, hammasidan qancha muddat ishlagani, qancha maosh olgani haqida maʼlumotnoma yigʻishi lozim boʻladi. Ushbu hujjatlarni yigʻish uchun hali u, hali bu tashkilotga borib, ortiqcha ovora boʻlgani ham yaxshi maʼlum.

Hozirgi kunga qadar davlat pensiyalarini tayinlashda 30 turdagi hujjat talab etilardi. Ularni taqdim etishga masʼul 14 dan ortiq vazirlik va tashkilotlarda idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va maʼlumotlar bazalari mavjud emasligi qogʻoz shaklida ish yuritishdan voz kechish va hujjatlarni yigʻish jarayonini raqamlashtirishga toʻsqinlik qilib kelayotgan edi.

Prezidentimizning joriy yil 4-maydagi “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yana-da takomillashtirishda muhim huquqiy asos boʻldi, desak mubolagʻa emas.

Chunonchi, bugungi kunda aholiga pensiya va nafaqalar Xalq banki filiallari tomonidan yetkazib berilib, buning uchun 0,9 foiz xizmat haqi olinayotgan edi. Tahlillarga koʻra, 2020-yilda jami 35,4 trillion soʻmlik pensiya va nafaqa toʻlovlarining 28,1 trillion soʻmi yoki 79 foizi naqd pul koʻrinishida ajratilgan. Xalq bankiga mazkur toʻlovlarni naqd pulda tarqatish xizmatlari uchun 2020-yilda 223,6 milliard soʻmlik xizmat haqi toʻlangan.

Joriy yil 1-yanvardan boshlab esa Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa toʻlovlarni toʻlash har uch yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha alohida oʻtkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq pensiya va nafaqalar naqd pulda mahalla fuqarolar yigʻinlariga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib beriladi.

Tanlovda ishtirok etadigan tijorat banklari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan pensiya va nafaqalarni MFY binosi yoki fuqaroning yashash manziliga yetkazib berish shartlaridan kelib chiqib, xizmat haqi differensiyalashgan tartibda pensiya va nafaqalar toʻlanadigan summaning 1 foizgacha miqdorda boʻlishi mumkin. Bu jarayonda pensiya va nafaqalarni yetkazib berish bilan bogʻliq xarajatlar Pensiya jamgʻarmasi va respublika byudjeti tomonidan toʻlab beriladi.

Mazkur hujjatga muvofiq, 2022-yil 1-iyuldan boshlab mehnat staji, ish haqi, oliygohda oʻqigani va harbiy xizmat davri maʼlumotlari Pensiya jamgʻarmasining dasturiy taʼminoti bilan bogʻlangan holda “Yagona mehnat milliy tizimi” orqali elektron tarzda olinadi. Hozirda ushbu tizimda turli vazirlik, idora va tashkilotlarning 4,8 million ishchisi ish haqi va ish stajiga oid maʼlumotlar shakllantirilgan. Davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi. Kelgusida fuqarolarga pensiya boʻlimlariga kelmasdan, ularning elektron murojaatlari asosida pensiya tayinlash imkoniyati yaratiladi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarorida oʻz ifodasini topgan yana bir muhim yangilik — fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning tasdiqlanganidir. Sababi unga koʻra, vazirlik, idora va korxonalarda ishlagan sobiq ishchilarning ish haqi va harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi maʼlumotlari “Yagona mehnat milliy tizimi”da toʻliq shakllantiriladi. Shu bilan birga, chet elga doimiy yashash uchun koʻchib ketayotgan fuqarolarning elektron maʼlumotlarini “Pensiya” axborot tizimiga avtomatik yuborish mexanizmi joriy etiladi.

Bular hali hammasi emas. Qarorga asosan, davlat pensiya taʼminoti borasida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga muvofiqlashtirish, fuqarolarga pensiya va nafaqalarni tayinlashda yuzaga keladigan ortiqcha toʻlovlarning oldini olish hamda byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishini taʼminlash maqsadida Pensiya jamgʻarmasining ijro etuvchi apparati tuzilmasi, hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlarining namunaviy tuzilmalari ham tasdiqlandi. Endi Jamgʻarma tarkibida pensiya, nafaqa va boshqa toʻlovlarni moliyalashtirish boʻlimlari tashkil etilib, ichki audit xizmatlari va yuridik byuro faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Asosiy qonunimizning 39-moddasida “Har kim qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga ega” deb belgilab qoʻyilgan. Shu jihatdan mamlakatimizda pencionerlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yana-da kuchaytirish, qariyalar va keksa yoshdagilarga har tomonlama gʻamxoʻrlik qilishga katta eʼtibor qaratilyapti. Xususan, har bitta tizim zamon talablari asosida, eng muhimi, xalqimiz manfaatlari koʻzlangan holda takomillashtirib borilmoqda.

OʻzLiDeP bu boradagi amaliy ishlarni qoʻllab-quvvatlagan holda, mamlakat va xalq oldida katta xizmat koʻrsatgan katta avlod vakillariga zarur hurmat va ehtirom koʻrsatish, ularning xotirjam va mazmunli hayoti uchun shart-sharoitlarni yaratish, bu orqali jamiyatda insonparvarkik va mehr-shafqat muhitini mustahkamlash zarur, deb hisoblaydi. Biz fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti tizimini takomillashtirish va sohada mavjud muammolarni bartaraf etish tarafdorimiz.

Xulosa qilib aytganda, davlat pensiyalarini hisoblash uchun zarur maʼlumotlar elektron bazasini shakllantirish, ushbu jarayonni soddalashtirish – bugungi kunning eng muhim talabi. Mazkur qaror pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yana-da takomillashtirishga xizmat qilishi nuqtayi nazaridan kelib chiqib, uning ijrosini taʼminlashda tashabbuskor boʻlishimiz kerak. Zotan, ushbu hujjatda belgilangan chora-tadbirlarning roʻyobga chiqarilishi pensiya tayinlash jarayonlarida fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish maqsadida olib borilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishi muqarrar.

Aktam Haitov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari

  • Ko'rildi
    389
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+