“Mening xorijlik talaba do‘stim!” loyihasi doirasida chet tillarini o‘rganish va o‘rgatish imkonini oshiramiz

07.05.2021, 16:46

“Mening xorijlik talaba do‘stim!” loyihasi doirasida chet tillarini o‘rganish va o‘rgatish imkonini oshiramiz

Bugun tobora globallashib borayotgan davr barchamizdan salohiyatli, tashabbuskor bo‘lishni, yangiliklarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashni talab etayotir. Ayniqsa, yoshlarga qo‘yilayotgan talab yuqori. Ularda Vatanning ertangi taqdiri, davlat va jamiyat taraqqiyoti mujassam.

Muhtaram Prezidentimiz raisligida kuni kecha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ayni masalaga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Bugungi kun yigit-qizlari zimmasida endi xorijiy tillarni ham o‘rganish, bilish mas’uliyati bor. Davlatimiz rahbari aynan mana shu masalani kun tartibiga olib chiqqanlari oldimizga avvalgidan ko‘ra ko‘proq mas’uliyatli bo‘lishni, yanada tashabbuskor yashashni qo‘ydi.

Men ham partiyaning hududiy Kengashi xodimi, ham deputat sifatida yig‘ilishda aytilgan har bir fikrga dolzarb vazifa sifatida qaradim. Yoshlar qanotining qator loyihalari doirasida chet tillarni o‘rganishni targ‘ib qiluvchi aksiyalarni o‘tkazishni maqsad qildik. Viloyat yoshlari o‘rtasida “Nechta xorijiy tilni bilasiz?” mavzusida savolnoma o‘tkazish, “Mening xorijlik talaba do‘stim!” loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish ustida ish boshladik.

Prezidentimizning yig‘ilishdagi fikrlaridan kelib chiqib, yana bir tashabbusni ilgari suryapmiz. Viloyatimizda mavjud oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar bilan uchrashuvlar tashkil qilamiz. Ularning qiziqishlari, orzulari, maqsadlari yuzasidan o‘z ona tillarida suhbatlashiladi. Shu orqali chet tillarini o‘rganishga ishtiyoqni ham kuchaytiramiz.

Kelgusida “Yoshlar qanoti” faollari, navqiron deputatlar bilan  yangi tashabbuslarni amalga oshirishni maqsad qildik.

Elyorbek AVULOV,

O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

Yoshlar qanoti bo‘lim mudiri,

Xalq deputatlari Asaka tuman

Kengashi deputati.

  • Ko'rildi
    68
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+