Maslakdoshlarimizning chet tillarni o‘rganishga ishtiyoqini izchil qo‘llab-quvvatlaymiz

07.05.2021, 16:49

Maslakdoshlarimizning chet tillarni o‘rganishga ishtiyoqini izchil qo‘llab-quvvatlaymiz

Moziyga nazar solsak, yurtimizda ilmu urfon rivojlangan  davrlarda yashagan va insoniyat tamadduniga munosib hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz xorijiy tillarda o‘zga el vakillari tomonidan yaratilgan ilmiy meros namunalarini mukammal o‘rganishgan, ularni ijodiy rivojlantirishgan. O’z ilmiy kashfiyotlari, adabiy asarlari bilan ularni yanada sayqalllashtirishgan. E’tiborga molik tomoni ularning deyarli barchasi bir necha tillarni mukammal bilib, o‘sha tillarda nafaqat so‘zlashishgan, balki ilmiy, adabiy asarlar ham yaratishgan. Xususan, Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Imom Buxoriy, Ahmad Farg‘oniy, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy kabi ulug‘ ajdodlarimiz ko‘plab tillarni puxta bilganlari uchun ham jahon ilm-fanining yuksak cho‘qqilarini zabt etganlar.

Uchinchi Renessans davri poydevori qurilayotgan yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning kuchayib borayotgani, jahon bozorlariga kirib borilayotgani bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan, bu tillarda erkin muloqot qila oladigan mutaxassislarga ehtiyojning oshib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangani ham bejiz emas.  Boisi, mamlakatimizda har yili ilm-fanning bir nechta yo‘nalishi tanlab olinib, alohida e’tibor bilan rivojlantirilmoqda. Bu yil fizika va chet tillari ana shunday ustuvor sohalar etib belgilangan. Biroq, afsuski, hali  yoshlarimizni chet tillarini o‘rganishga jalb qilish, ta’lim muassasalarida xorijiy tillarini o‘qitish borasida yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Bu muammolarni davlatimiz rahbari videoselektor yig‘ilishida kuyunchaklik bilan ta’kidlab o‘tdilar. Xususan,  ta’lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o‘qituvchisi lavozimi vakant bo‘lib qolmoqda. 1 ming 400 ta maktabda chet tilini o‘qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz. Bu tizimdagi o‘qituvchilarning atigi 4 foizi milliy va xalqaro til sertifikatiga ega.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat’iy talab har bir ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim”.

Afsuski, bu kabi muammolar Jizzax viloyatidagi ta’lim muassasalarida ham istaganicha topiladi. Shu sabab, yig‘ilishda atroflicha tahlil qilingan ta’lim tizimidagi muammolarni bartaraf qilish borasidagi ustivor vazifalar ijrosini ta’minlash barchamizning umumishimizga aylanishi kerak.

Til bilgan – el biladi, deydi xalqimiz. Darhaqiqat, o‘zga ellar tilini bilish ularning madaniyati, tarixi, adabiyoti, iqtisodiyoti, o‘tmishi va bugunini chuqur bilishga va shu asosda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga zamin yaratadi.

O‘zLiDeP Jizzax viloyat tashkiloti faollari ham videoselektorda aytib o‘tilgan va belgilab berilgan ustivor vazifalarni qunt bilan o‘rganmoqdalar. Maqsad - ularning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, mavjud muammolarni imkon qadar partiyaviy vositalar bilan bartaraf etishga ko‘maklashish, “deputat va ta’lim tizimi” hamkorligini yanada rivojlantirish, shuningdek, partiya faollarining xorijiy  tillarni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Sherzod Mamatqulov,

O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

raisining birinchi o‘rinbosari.

  • Ko'rildi
    685
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+